Chiqindilarni boshqarish va tsirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma'lum qilishicha, 5 fevral holatiga ko'ra, respublika bo'yicha chiqindilarni olib tashlash xizmatidan qarzdorlikning umumiy hajmi 108,9 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shu sababli 1 mln 174 ming 686 ta abonent "Hududiy elektr tarmoqlari" AJning 2100 qisqa raqami orqali SMS xabarnoma bilan ogohlantirilgan.
Abonentlarga qarzni qoplash uchun 5 kun muddat berilgan bo‘lib, ushbu davrda 12,7 mlrd so‘mlik to‘lov amalga oshirilgan. Biroq hozirda qoplanmay qolgan 15,8 mlrd so‘m qarzdorlik sababli 198 ming 858 ta abonentning elektr to‘loviga cheklov qo‘yilgan.
Agentlikka ko'ra, qarzdorlik bartaraf etilgan zahoti cheklovlar darhol echiladi. Qonunchilikka muvofiq, har oyning 3-sanasi qadar qarzdorlar haqidagi ma'lumotlar "Toza makon" billing tizimidan "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ tizimiga uzatiladi. Mazkur tartib 2025 yil 1 iyuldan keyin shakllangan qarzdorliklar uchun joriy etilgan.






