Ma’lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Konimex tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli “Onyx” rusumli avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda, avtomashina yukxonasidan 500 dona 5,6 mm kalibrli, otish uchun yaroqli patronlar topilib, belgilangan tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxsning yashash xonadoni ham tekshirilgan. Natijada u yerdan yana 600 dona 5,6 mm kalibrli patronlar ashyoviy dalil sifatida musodara qilingan.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasi 3-qismi (o‘qotar qurol va o‘q-dorilarning qonunga xilof muomalasi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va tergov harakatlari olib borilmogda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarga tegishli litsenziya yoki ruxsatnomasi bo‘lmagan o‘qotar qurol va o‘q-dorilarni ixtiyoriy ravishda topshirish javobgarlikdan ozod etilishga asos bo‘lishini eslatdi.






