AQShning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi davomida uch nafar amerikalik harbiy xizmatchi halok bo‘ldi, yana bir necha kishi yaralandi. Bu haqda AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 17:30 holatida uch nafar harbiy jangda halok bo‘lgan, besh nafari og‘ir yaralangan. Yana bir nechta harbiy yengil jarohatlar va kontuziya olgan bo‘lib, ular safga qaytmoqda. Halok bo‘lganlarning yaqin qarindoshlariga bir sutka ichida xabar berilishi aytilgan. Bayonotda ta’kidlanishicha, yirik jangovar harakatlar davom etmoqda.
AQSh Prezidenti Donald Tramp 28 fevral kuni mamlakat Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgan edi. AQSh bu operatsiyani "Epik g‘azab" deb atadi. Tramp Eronga AQSh va uning ittifoqchilariga qarshi "uzluksiz qonli kampaniya" olib borishda aybladi.
28 fevral kuni Isroil ham Eronga bir qator shaharlariga, jumladan Tehronga zarbalar bergan edi. Isroil o‘z operatsiyasini "Sher na’rasi" deb atagan. Javob hujumlari ehtimoli tufayli mamlakatda favqulodda holat rejimi joriy etilgan.
Tramp bombardimonlar Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatilguncha davom etishini bildirgan. Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy 28 fevral kuni ertalab AQSh va Isroil operatsiyasi chog‘ida o‘z qarorgohida halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Tramp uni tarixdagi eng yomon shaxslardan biri deb atab, uning o‘limi "adolat" ekanini yozgan.
Bunga javoban Tehron Yaqin Sharqda joylashgan AQSh harbiy bazalariga raketalar va uchuvchisiz qurilmalar orqali zarba berdi. Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon oliy rahbarning o‘ldirilishini og‘ir jinoyat deb baholab, qasos olishga va’da berdi.






