Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Livanda bir hafta ichida qariyb 700 ming kishi o‘z uyini tark etgan. So‘nggi 24 soat ichida esa 100 mingdan ortiq odam ko‘chishga majbur bo‘lgan.
BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligining Livandagi vakili Karolina Lindxolm Billing ma’lum qilishicha, mamlakat bo‘ylab 667 mingdan ortiq kishi ko‘chirilgan sifatida ro‘yxatga olingan.
Uning aytishicha, Isroil Mudofaa kuchlari tomonidan amalga oshirilgan havo hujumlari va qator hududlarda e’lon qilingan ommaviy evakuatsiya ogohlantirishlari minglab oilalarni qisqa vaqt ichida uylarini tark etishga majbur qilgan.
Ko‘chirilganlarning aksariyati Bayrut, Livon tog‘lari, shimoliy hududlar va Bekaa vodiysida vaqtincha boshpana izlamoqda. Hozirda 120 mingga yaqin kishi hukumat tomonidan tashkil etilgan jamoat boshpanalarida yashamoqda, qolganlar esa qarindoshlari yoki do‘stlarining uyida turibdi.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, mojaro boshlanganidan buyon 78 mingdan ortiq suriyalik Livandan Suriyaga qaytgan, shuningdek 7,7 mingdan ortiq livonlik ham Suriya hududiga o‘tgan.
Livon rasmiylari 2 martdan buyon Isroil hujumlari oqibatida kamida 486 kishi halok bo‘lganini, 1313 kishi esa jarohatlanganini bildirgan. UNICEF ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida kamida 84 nafar bola bor.
BMT mamlakatdagi gumanitar vaziyat tobora og‘irlashayotganini ta’kidlab, xalqaro hamjamiyatni Livonga tezkor yordam ko‘rsatishga chaqirgan.





