AsosiySIYOSAT

Toshkentda turizm infratuzilmasi va raqamli xarita xizmatlari joriy etiladi

Prezident yig'ilish davomida Sergelida suv tozalash inshooti atrofidagi noxush hid muammosini 1 sentyabrgacha bartaraf etishni topshirdi.

'Toshkentda turizm infratuzilmasi va raqamli xarita xizmatlari joriy etiladi'ning rasmi

Toshkentda sayyohlar va aholi uchun qulay raqamli yo'l-yo'riq tizimi joriy etiladi. Bu haqda bugun, 4 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida mutasaddilarga topshiriq berildi.

Qayd etilishicha, avtobus bekatlari, vokzal, aeroport va metro stantsiyalarida shahar marshrutlarini ko'rsatuvchi, telefonga bepul va oson yuklab olinadigan raqamli xaritalar tizimi yo'lga qo'yiladi. Bu sayyohlarning shaharda erkin harakatlanishini yengillashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, bir oy muddatda alohida dastur ishlab chiqilib, joriy yilning o'zida har bir tumanda 15–20 ta zamonaviy jamoat hojatxonasi qurish uchun yer uchastkalarini auktsionga chiqarish, chiqindi qutilari sonini ko'paytirish hamda poytaxtning tozalik va obodonlashtirish tizimini yanada takomillashtirish bo'yicha vazifalar belgilandi.

Bundan tashqari, kanallar obodonlashtirilib, sayilgohlar va yashil hududlar tashkil etish bo'yicha loyihalar amalga oshiriladi. Poytaxtda salqin mikroiqlim yaratish maqsadida 12 ta sun'iy ko'l barpo etilib, ularning 3 tasi Sergelida joylashtiriladi.

Shu bilan birga, transport, yo'l, elektr, suv va kanalizatsiya kabi infratuzilma yo'nalishlarida hal qilinishi kerak bo'lgan masalalar mavjudligi qayd etildi.

Jumladan, Sergeli va Yangihayot aholisi e'tirozlariga sabab bo'layotgan suv tozalash inshooti atrofidagi noxush hid muammosini 1 sentyabrga qadar bartaraf etish bo'yicha topshiriq berildi.

    Boshqa yangiliklar