Milliy statistika qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, 2026 yilning yanvar–mart oylarida O'zbekistonning eksport hajmi 5,8 milliard AQSh dollarini tashkil etgan.
Hisobotda qayd etilishicha, ushbu davrda O'zbekiston mahsulotlari eng ko'p eksport qilingan davlatlar orasida Rossiya yetakchilik qilgan. Mamlakatga amalga oshirilgan eksport hajmi 1,1 milliard dollarga etgan.
Ikkinchi o'rindan Xitoy joy olgan bo'lib, mazkur davlatga eksport 641,7 million dollarga teng bo'lgan. Keyingi o'rinlarda Afg'oniston (443,6 mln dollar) va Fransiya (405,9 mln dollar) qayd etilgan.
Shuningdek, Qozog'istonga 282,8 million dollarlik, Turkiyaga 231,6 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Birlashgan Arab Amirliklari hissasiga 172,3 million dollar, Qirg'izistonga 169,9 million dollar va Tojikistonga 140,8 million dollarlik eksport to'g'ri kelgan.
TOP-10likni Xitoyning maxsus ma'muriy hududi hisoblangan Gonkong yakunlab bergan. Ushbu hududga eksport hajmi 127,1 million dollarni tashkil etgan.
Mutaxassislar fikricha, mazkur ko'rsatkichlar O'zbekiston mahsulotlarining nafaqat qo'shni davlatlar, balki Yevropa va Osiyo bozorlarida ham talab yuqori ekanini ko'rsatadi.






