O'zbekistonda 7–14 iyun kunlari asosan quruq va nisbatan issiq ob-havo saqlanib turadi. Bu haqda O'zgidromet ma'lum qildi.
Ma'lum qilinishicha, Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatida hafta davomida yog'ingarchilik kutilmaydi. Faqat 7–8 iyun kunlari Qoraqalpog'istonning ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg'ir yog'ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Shuningdek, ayrim kunlarda shamol tezligi sekundiga 20–22 metrgacha kuchayib, chang-to'zonlar yuzaga kelishi ehtimoli bor.
Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham hafta davomida quruq ob-havo saqlanadi. Ayrim hududlarda shamol kuchayib, chang-to'zonlar kuzatilishi mumkin. Havo harorati kunduzi 32–37 daraja atrofida bo'ladi.
Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida yog'ingarchilik kutilmayapti. Havo harorati asosan 32–37 daraja bo'lib, 9–10 iyun kunlari biroz pasayib, 30–35 darajaga tushadi.
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida esa eng yuqori harorat kuzatilishi kutilmoqda. Hududlarda 8–14 iyun kunlari kunduzi havo harorati 35–40 darajagacha ko'tariladi.
Farg'ona vodiysi viloyatlari — Andijon, Namangan va Farg'onada ham yog'ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kunduzi 32–37 daraja atrofida bo'ladi.
Respublikaning tog'oldi va tog'li hududlarida esa ayrim joylarda qisqa muddatli yomg'ir yog'ishi va momaqaldiroq bo'lishi mumkin. Kunduzi havo harorati 18–28 daraja oralig'ida bo'lishi prognoz qilinmoqda.
Sinoptiklarga ko'ra, hafta davomida mamlakatning aksariyat hududlarida quruq va issiq ob-havo ustunlik qiladi.






