Hindistonlik Daulat Giri Ji Maharaj ismli erkak qadimiy hinduiy ruhiy amallardan biri hisoblangan “khada tapasya”ni bajarish maqsadida besh yildan buyon bir lahza ham o‘tirmasdan hayot kechirmoqda. Bu haqda Taaza TV xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur ruhiy amaliyot shartlariga ko‘ra, u jami 12 yil davomida tik turgan holida yashashi lozim. Hinduiylik an’analarida bunday og‘ir tarkidunyochilik insonning ruhiy poklanishiga erishishi va ma’bud Shivaga yaqinlashishiga xizmat qilishiga ishoniladi.
Qayd etilishicha, Daulat Giri Ji Maharaj ushbu qasamni qabul qilganidan beri biror marta ham o‘tirmagan va oyoqlarini uzatib dam olmagan. U hatto uyquni ham tik turgan holida qabul qiladi. Buning uchun maxsus tirgak konstruksiyadan foydalanadi.
Bir necha yil davom etgan og‘ir jismoniy yuklama uning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Xabarda aytilishicha, erkakning oyoqlari kuchli shishgan, teri rangi o‘zgargan hamda qon aylanishi bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan.
Shunga qaramay, u o‘z qasamidan voz kechmagan va ruhiy amaliyotni davom ettirmoqda.
Mahalliy ibodatxona qoshidagi ko‘ngillilar uning ahvolini muntazam kuzatib bormoqda. Ular oyoqlariga turli malhamlar surtib, zarur parvarish ishlarini amalga oshirmoqda.
Manbaga ko‘ra, ushbu ruhiy amaliyot yakunlanishi uchun Daulat Giri Ji Maharaj yana etti yil davomida tik turgan holida yashashi kerak bo‘ladi.






