O‘zbekistonda bolalar o‘rtasidagi onkologik va onkogematologik kasalliklarga qarshi kurashish tizimi yangi bosqichga chiqdi. 2025 yil 19 mayda qabul qilingan PQ-186-son qaror asosida “2025–2030 yillarda bolalar saratoniga qarshi kurashish milliy strategiyasi”ni amalga oshirish chora-tadbirlari belgilandi.
Hujjatga muvofiq, kasalliklarni erta aniklash, tashxis qo‘yish muddatlarini qisqartirish, zamonaviy davolash usullarini joriy etish va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam qamrovini kengaytirish asosiy vazifalar sifatida belgilangan.
Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududiy filiallari tomonidan qimmat va taqchil sanalgan dori vositalarini joylarga yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, onkologik kasalliklarda qo‘llaniladigan preparatlar, talassemiya uchun xelater terapiya vositalari, shuningdek, gemofiliya A va B bilan og‘rigan bolalar uchun hayotiy ahamiyatga ega VIII va IX koagulyatsiya omillari hududlarga yetkazilmokda.
Mazkur dori vositalari davlat byudjeti, xalqaro tashkilotlar va hamkorlik loyihalari doirasida ta’minlanib, O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lgan bolalarga mutlaqo bepul beriladi.
Yangi tizimga ko‘ra, hududiy filiallar taqdim etgan ro‘yxatlar asosida har bir bemor bolaning individual ehtiyoji hisobga olinadi va dori vositalari maxsus transport orqali belgilangan harorat rejimida yetkazib beriladi. Bu esa ota-onalarning ortiqcha ovoragarchiligi va yo‘l xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Mutasaddilarga ko‘ra, mazkur chora-tadbirlar bolalar orasida yashovchanlik ko‘rsatkichini oshirish va o‘lim holatlarini kamaytirishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.






