Toshkent shahrida pora olgan kadastr inspektori hamda Andijon viloyatida davlat zaxirasidagi yer maydonini noqonuniy sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati "Call-markaz"iga kelib tushgan murojaat asosida DXXning Toshkent shahar boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda Kadastr agentligining Yashnobod tumani bo‘limi bosh inspektori uchinchi shaxs orqali 2 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, bosh inspektor o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, mahalliy fuqaro tomonidan noqonuniy o‘rnatilgan yengil konstruksiyali qurilmalarni buzdirmaslik va unga nisbatan jarima qo‘llamaslik evaziga mazkur mablag‘ni talab qilgan.
Yana bir holat Andijon viloyatida qayd etilgan. Andijon shahrida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro xaridorga Andijon tumanidagi Haqon sanoat hududida joylashgan, davlat zaxirasida bo‘lgan 40 sotix yer maydonini go‘yoki "E-auksion" orqali yutib olganini aytgan. U mazkur yerni kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, evaziga 160 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar organlari va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u oldindan 80 ming AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.






