MDHga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlari 18 aprel kuni Moskvada yigʻilib, Fors koʻrfazi mintaqasidagi keskin vaziyatni muhokama qildi. Yigʻilishda Yaqin Sharqdagi vaziyatning Yevroosiyo xavfsizligiga taʼsiriga alohida eʼtibor qaratildi.
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Tashqi ishlar vazirlari kengashi yigʻilishida Sergey Lavrov Fors koʻrfazi hududidagi keskinlik misli koʻrilmagan darajaga chiqqanini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, AQSh va Isroilning Eronga qarshi harakatlari ortidan yuzaga kelgan vaziyat butun Yaqin Sharqni qamrab olmoqda.
Yigʻilish yakunida vazirlar tomonidan mazkur masala yuzasidan maxsus bayonot qabul qilindi. Unda energiya tashuvchilar, oziq-ovqat va oʻgʻitlar taʼminoti xavfsizligi, shuningdek, Yevroosiyodagi umumiy xavfsizlik arxitekturasini qayta koʻrib chiqish zarurati qayd etildi.
Tadbirlarda Oʻzbekiston nomidan Baxtiyor Saidov ishtirok etdi. Shuningdek, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ozarbayjon va Armaniston vakillari hamda MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.






