AsosiyBU QIZIQ

Jahon chempionati 2026 yilgi tomoshabinlar soni bo'yicha tarixiy rekord o'rnatdi.

AQSh, Kanada va Meksikada davom etayotgan musobaqaning dastlabki ikki haftasidayoq stadionlarga 3 million 600 mingdan ortiq muxlis tashrif buyurgan.

'Jahon chempionati 2026 yilgi tomoshabinlar soni bo'yicha tarixiy rekord o'rnatdi.'ning rasmi

2026 yil futbol bo‘yicha Jahon chempionati FIFA tarixida eng ko‘p tomoshabin tashrif buyurgan musobaqa sifatida qayd etildi. NBC telekanali ma’lum qilishicha, avvalgi rekord 1994 yili AQSh mezbonlik qilgan mundialda o‘rnatilgan edi.

25 iyun holatiga ko‘ra, AQSh, Kanada va Meksikada davom etayotgan musobaqaning dastlabki ikki haftasidayoq stadionlarga 3 million 600 mingdan ortiq muxlis tashrif buyurdi. Rekord Germaniya — Ekvador hamda Kot-d’Ivuar — Kyurasao o‘rtasidagi uchrashuvlardan keyin rasman tasdiqlandi.

Shu vaqtga kelib, umumiy tomoshabinlar soni 3 million 605 ming 357 nafarga yetdi. FIFA mazkur natijani Jahon chempionatlari tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich sifatida e’tirof etdi. Musobaqa hali davom etayotgani inobatga olinsa, yakuniy tomoshabinlar soni yanada oshib, yangi marralarni belgilashi kutilmoqda.

Mutaxassislar yuqori qiziqishni bir necha omil bilan izohlamoqda. Eng avvalo, turnirning bir vaqtning o‘zida uch mamlakat — AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkazilayotgani hamda bahslar ko‘plab shaharlarda tashkil etilgani muxlislar qamrovini kengaytirdi.

Bundan tashqari, ayniqsa AQShdagi yirik sig‘imli stadionlar rekord qayd etilishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Ularning aksariyati bir vaqtning o‘zida 70–80 mingdan ortiq tomoshabinni qabul qilish imkoniyatiga ega.

Qiyos uchun, 2022 yil Qatarda o‘tgan Jahon chempionatida stadionlarning asosiy qismi taxminan 45 ming o‘rinli edi. 2026 yilgi mundialda esa katta sig‘imli arenalar tomoshabinlar oqimining keskin oshishiga xizmat qildi.

    Boshqa yangiliklar

    Jahon chempionati 2026 yilgi tomoshabinlar soni bo'yicha tarixiy rekord o'rnatdi. - Darakchi.uz