AsosiyJamiyat

Oliy sud va Oliy xo`jalik sudi Plenumlarining qo`shma majlisi bo`lib o`tdi

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo`jalik sudi Plenumlarining qo`shma majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda

Unda Oliy Majlis Senati a`zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy sud va Oliy xo`jalik sudi sudyalari, fuqarolik, jinoyat va xo`jalik ishlari bo`yicha viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar raislari, huquqshunos olimlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Oliy sud raisi Sh.G`oziev, Oliy xo`jalik sudi raisi K.Komilov va boshqalar mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish yo`lida izchil islohotlar amalga oshirilganini alohida ta`kidladi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni sohadagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi. Unda sud hokimiyati va sudyalarning chinakam mustaqilligini ta`minlashga qaratilgan vazifalar belgilangan. 

Oliy sud va Oliy xo`jalik sudi o`rtasida mustahkam amaliy hamkorlik yo`lga qo`yilgan. Nizolarni ko`rib, hal etishda moddiy va prosessual huquq normalarini aniq va bir xilda qo`llanilishini ta`minlash maqsadida qo`shma qarorlar qabul qilingan. 

Qo`shma yig`ilishda Oliy sud va Oliy xo`jalik sudi Plenumlarining ayrim qarorlarini amaldagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish maqsadida “O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O`zbekiston Respublikasi Oliy xo`jalik sudi Plenumining qo`shma qarorlariga qo`shimcha va o`zgartish kiritish haqida”gi qaror loyihasi ko`rib chiqildi. 

Ko`rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. 
Shu kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisi bo`lib o`tdi. 

Majlisda “Jinoyat natijasida etkazilgan mulkiy ziyonni qoplashga oid qonunchilikni qo`llash bo`yicha sud amaliyoti to`g`risida”, “Jinoyat ishlari bo`yicha sud qarorlarini ijro etishga oid qonunlarni qo`llash amaliyoti to`g`risida” va “Jazoni o`tashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni engilrog`i bilan almashtirish bo`yicha sud amaliyoti to`g`risida”gi Oliy sud Plenumi qarorlari loyihalari ko`rib chiqildi. 

“Jinoyat natijasida etkazilgan mulkiy ziyonni qoplashga oid qonunchilikni qo`llash bo`yicha sud amaliyoti to`g`risida”gi qaror loyihasi amaldagi qonunchilikka kiritilgan ayrim o`zgartirish va qo`shimchalarga muvofiq ishlab chiqildi. 

Aytish joizki, jinoyat natijasida etkazilgan mulkiy ziyonni o`z vaqtida qoplash fuqarolar va yuridik shaxslar, davlatning mulkiy huquq va manfaatlari himoyasini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois qarorda surishtiruv, tergov organi va sudlarga jinoyat natijasida etkazilgan mulkiy ziyonni qoplash asoslari va tartibiga oid qonunchilik talablariga og`ishmay amal qilish yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilgan. 

“Jinoyat ishlari bo`yicha sud qarorlarini ijro etishga oid qonunlarni qo`llash amaliyoti to`g`risida”gi qaror loyihasida sudlarga zarurat tug`ilganda, hukm chiqarish paytida yo`l qo`yilgan har qanday shubha va noaniqliklarni hukm mohiyatini o`zgartirmagan va mahkumning ahvolini og`irlashtirmagan holda hal etishga haqliligi xususida tushuntirishlar aks ettirildi. 

Ayrim hollarda qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini ijro etish jarayonida hukm qilingan ayrim toifadagi shaxslarning hukmi ijrosini kechiktirish, kasalligi tufayli jazoni o`tashdan ozod qilish, shartli jazoni bekor qilish, ozodlikni cheklash jazo turlarini boshqa jazo choralari bilan almashtirish kabi holatlar uchrab turadi. Bu kabi masalalarga doir materiallarni sudda ko`rish tartibi va muddatlari to`g`risida ham qarorda tegishli tushuntirishlar berilgan.

Bundan tashqari, yig`ilishda “Jazoni o`tashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni engilrog`i bilan almashtirish bo`yicha sud amaliyoti to`g`risida”gi qaror loyihasi muhokama qilindi. Ushbu qarorning qabul qilinishi sudlar va jazoni ijro etish organlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki shu kunga qadar jazoni o`tashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni engilrog`i bilan almashtirish bilan bog`liq iltimosnomalarni tartibga soluvchi me`yoriy-huquqiy hujjat mavjud emas edi. Shu bois ham sudyalar ushbu toifadagi ishlarni ko`rishda muayyan muammolarga duch kelayotgan edi. Mazkur qaror loyihasining qabul qilinishi amaliyotdagi huquqiy bo`shliqni to`ldirib, bu borada yuzaga kelayotgan masalalarni hal etish imkonini yaratadi. 

Jazoni o`tashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni engilrog`i bilan almashtirishga oid qonun talablarini aniq va og`ishmay bajarish mahkumlarni qayta tarbiyalash, takroran jinoyatlar sodir etilishining oldini olish hamda insonparvarlik prinsipini amalda ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Yig`ilishda “O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qaror loyihasi ham muhokama etildi. 

Muhokama qilingan Plenum qarorlari loyihalari amaldagi qonun normalarini aniq va bir xilda qo`llash orqali yagona sud amaliyotini shakllantirish, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, odil sudlov samaradorligini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. 

Ko`rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Boshqa yangiliklar