AsosiyBU QIZIQ

Shveytsariyada muzliklar jadal erib bormoqda

Yevropada kuzatilayotgan kuchli issiqlik to‘lqini Shveytsariyadagi Alp muzliklarining odatdagidan ancha tez erishiga sabab bo‘lmoqda.

'Shveytsariyada muzliklar jadal erib bormoqda'ning rasmi

Yevropada kuzatilayotgan kuchli issiqlik toʻlqini Shveytsariyadagi muzliklarning odatdagidan ancha tez erishiga sabab boʻlmoqda. Bu haqda Reuters agentligi maʼlum qildi.

Olimlar qayd etishicha, yoz boshidanoq kuzatilgan yuqori haroratlar va qish mavsumida qor kam yogʻishi oqibatida Alp togʻlaridagi muzliklar jadal qisqarmoqda. Mutaxassislar bu holat joriy yil ham muzliklar katta hajmda yoʻqolishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Maʼlum qilinishicha, 29 iyun kuni Shveytsariya janubidagi Rona muzligi “Muzliklarni yoʻqotish kuni” bosqichiga yetgan. Bu holat qishda toʻplangan qor toʻliq erib, endilikda koʻp yillik muz qatlamlari erishi boshlanganini anglatadi.

Shveytsariya muzliklarini kuzatish xizmati rahbari Mattias Huss bu sanani kuzatuvlar tarixidagi ikkinchi eng erta holat sifatida baholagan. Uning soʻzlariga koʻra, ikki hafta davom etgan issiqlik oqibatida muzlikdan erigan suv hajmi juda katta miqdorni tashkil etgan.

Mutaxassislar bu jarayonni jiddiy xavotirli tendensiya sifatida baholab, agar yuqori haroratlar saqlansa, muzliklarning qisqarishi yanada kuchayishini taʼkidlamoqda.

    Boshqa yangiliklar