Sog'liqni saqlash vazirligi 2025 yilda qabul qilingan buyruqni bekor qilishni rejalashtirmoqda. Bu esa ayrimlarda elektron retseptlar tizimi tugatiladi, degan noto'g'ri xulosalarga sabab bo'ldi. Aslida esa tizim o'z faoliyatini davom ettiradi va yanada rivojlantiriladi.
"Elektron retsept" tizimi O'zbekistonda allaqachon to'liq joriy etilgan bo'lib, ishlashda davom etadi. Vazirlik uni barcha retsept asosida beriladigan dori vositalariga tatbiq etishni rejalashtirmoqda.
Sog'liqni saqlash vazirligi mazkur tizimni joriy etish tartibini belgilagan eski hujjatni bekor qilish bo'yicha qaror loyihasini ishlab chiqqan. Bu xabar ijtimoiy tarmoqlar va ayrim OAVlarda tizim bekor qilinadi, degan taxminlarga sabab bo'lgan.
Aslida, 2025 yil 15 dekabrda qabul qilingan vazir buyrug'i Toshkent shahri va ayrim hududlarda amalga oshirilgan pilot loyiha doirasida qo'llanilgan.
Hujjatga ilova qilingan tushuntirish xatiga ko'ra, elektron retseptlar tizimi tajribada ishtirok etgan tibbiyot muassasalarida to'liq joriy etilgan. Shuningdek, dori vositalarini tayinlashning yagona tartibi Vazirlar Mahkamasining 570-sonli qarori bilan mustahkamlab qo'yilgan.
Shu munosabat bilan, avvalgi vazirlik buyrug'i o'zining amaliy va huquqiy ahamiyatini yo'qotgan.
Ushbu buyruqning bekor qilinishi normativ-huquqiy hujjatlar o'rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf etadi. Kelgusida elektron retseptlar tizimi faqat hukumat qarori asosida tartibga solinadi.
Yangi loyihada tizimni yanada kengaytirish nazarda tutilgan. Xususan, elektron retseptlar barcha retsept talab etiladigan dori vositalariga joriy etilishi rejalashtirilmoqda.






