Respublika huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan shaxs Peru Respublikasidan O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, Interpolning O‘zbekiston va Peru Milliy markaziy byurolari o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan harakatlar, shuningdek, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Xalqaro-huquqiy departamenti hamda Peru Respublikasi Adliya vazirligining ko‘magi natijasida qidiruvda bo‘lgan shaxs ekstraditsiya qilingan.
U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik) bilan jinoyiy javobgarlikka tortilishi belgilangan Turkiya fuqarosi hisoblanadi.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchi Peru hududida tergov organlaridan yashirinib yurgan vaqtida xalqaro qidiruv doirasida qo‘lga olingan.
Ekstraditsiya jarayoni Toshkent va Lima shaharlaridagi Milliy markaziy byurolar hamkorligida amalga oshirildi. Shuningdek, tranzit jarayonida Fransiya va Birlashgan Arab Amirliklari vakolatli organlari tomonidan xalqaro huquq doirasida yordam ko‘rsatilgan.
Ekstraditsiya qilingan shaxs keyingi protsessual harakatlarni o‘tkazish va qonunchilikka muvofiq jinoyiy javobgarlikka tortish maqsadida O‘zbekistonga olib kelingan.
Avvalroq o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik uchun qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik Gruziyada ushlangani, shuningdek, xalqaro qidiruvdagi yana uch nafar fuqaro Birlashgan Arab Amirliklarida qo‘lga olinib, Toshkentga qaytarilgani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, aprel oyida “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining sobiq boshqaruv raisi Dilshod Axmedov hamda “Ravshan Zolotoy” nomi bilan tanilgan Ravshan Muxtdinov xalqaro qidiruvga berilgani ma’lum qilingan.






