AsosiyBU QIZIQ

Saudiya Arabistoni bir yillik koʻp martalik Umra vizasini joriy qildi

Yangi viza egalariga 365 kun davomida mamlakatga bir necha bor kirish imkoni beriladi.

'Saudiya Arabistoni bir yillik koʻp martalik Umra vizasini joriy qildi'ning rasmi

Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi amal qilish muddati bir yil bo'lgan ko'p martalik Umra vizasini joriy qildi. Yangi viza egalariga 365 kun davomida mamlakatga bir necha bor kirish imkoni beriladi. Biroq Saudiya Arabistonida qolish muddati bir yil davomida jami 90 kundan oshmasligi kerak.

Vazirlik ma'lumotiga ko'ra, 90 kunlik muddat jamlanib hisoblanadi. Ya'ni ziyoratchi har bir tashrifi davomida Saudiya Arabistonida bo'lgan kunlari umumiy 90 kunlik muddatdan chegirib boriladi.

Yangi viza bir qator shartlar asosida amal qiladi. Xususan, har bir tashrif uchun "Nusuk" platformasida rasmiy tasdiqlangan xizmat ko'rsatuvchidan xizmatlar paketini xarid qilish talab etiladi. Bunda paketning amal qilish muddati vizada qolgan kunlar sonidan oshmasligi kerak.

Shuningdek, ziyoratchi Saudiya Arabistoniga kirishidan oldin "Nusuk" mobil ilovasi orqali Umra ado etish uchun ruxsatnoma olishi shart.

Bir yillik ko'p martalik viza ziyoratchi Saudiya Arabistonidan chiqib ketganidan so'ng vaqtincha faolsizlantiriladi. Umra ruxsatnomasi rasmiylashtirilib, belgilangan talablar bajarilganidan keyin viza qayta faollashtiriladi.

Haj va Umra vazirligiga ko'ra, yangi viza ziyoratchilarga safarlarini yanada moslashuvchan tarzda rejalashtirish imkonini beradi. Shuningdek, u ziyoratchilarga ko'rsatiladigan raqamli va amaliy xizmatlarni bir tizimga integratsiya qilishga qaratilgan.

Mazkur viza har yili Haj mavsumi davrida ikki hafta mobaynida amal qilmaydi. Saudiya rasmiylari yangi vizaning narxi haqida ma'lumot bermagan.

Ma'lumot uchun, Saudiya Arabistoni 2023 yil 6 avgustdan O'zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari fuqarolari uchun ham elektron viza olish imkoniyatini joriy qilgan. Bu orqali O'zbekiston fuqarolari sayyohlik va Umra vizalarini mustaqil ravishda rasmiylashtirishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar