O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI ShAVKAT MIRZIYoEVNING O`ZBEKISTON XALQIGA YaNGI YIL TABRIGI
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Betakror diyorimizga yangi – 2017 yil kirib kelmoqda.
Siz, muhtaram otaxon va onaxonlar, mehribon opa-singillarimiz, navqiron yoshlarimiz, butun xalqimizni yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va quvonch tilayman.
Poyoniga etayotgan 2016 yilda yurtimiz hayotida yaxshi kunlar, ulkan yutuq va marralar ko`p bo`ldi. Shu bilan birga, afsuski, boshimizga og`ir tashvish va sinovlar ham tushdi.
Lekin bu sinovlar el-yurtimizni yanada birlashtirdi. Mard xalqimizning matonati tufayli biz bu sinovlardan ham munosib o`tdik.
Yakuniga etayotgan yil avvalo mustaqil Vatanimiz 25 yoshga to`lgan yil sifatida tariximizda o`chmas iz qoldirmoqda.
O`tayotgan yilni dehqon va fermerlarimiz, ishchi va quruvchilar, o`qituvchi va shifokorlar, jasur harbiylarimiz, olimlar, ijodkor ziyolilar – barcha kasb egalari o`z sohalari bo`yicha yorug` yuz bilan yakunladilar.
Ayniqsa, yurtimiz sportchilari Olimpiada va Paralimpiya o`yinlarida erishgan beqiyos yutuqlar mamlakatimiz shuhratini butun dunyoda yanada yuksaltirdi.
Bir so`z bilan aytganda, o`tib borayotgan yildan rozi bo`lib, har qancha shukrona aytsak arziydi.
Qadrli do`stlar!
Biz kirib kelayotgan 2017 yilga “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nom berdik.
Buning negizida “Inson manfaatlari hamma narsadan ulug`” degan olijanob maqsad va vazifalar yotibdi.
Yangi yilda bu boradagi dasturiy vazifalarni amalga oshirishda barchamizning, avvalo, rahbar va etakchilarning bir jonu bir tan bo`lib, astoydil mehnat qilishlariga ishonaman.
Yurtimizda tinchlik va barqarorlik, taraqqiyot, o`zaro hurmat va mehr-oqibatni mustahkamlash bundan buyon ham asosiy vazifamiz bo`lib qoladi.
Aziz vatandoshlarim, qadrdonlarim!
Mana shu quvonchli damlarda barchangizni Yangi yil bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Yurtimizdagi har bir oilaga tinchlik-xotirjamlik, baxt va omad hamda farovonlik tilayman.
Yangi – 2017 yilning qadami jonajon Vatanimizga qutlug` va barakali kelsin!
Yangi yil barchamizga muborak bo`lsin!