2025 yilda Markaziy Osiyo turizm sohasining iqtisodiyotga qo‘shgan hissasi o‘sishi bo‘yicha dunyoda eng yuqori natijani qayd etdi. Bu haqda Jahon sayyohlik va turizm kengashi (WTTC) hisobotida ma’lum qilindi.
Hisobotga ko‘ra, o‘tgan yili turizmning Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasi 20,1 milliard dollarga etgan. Bu mintaqaning yalpi ichki mahsulotining 4,3 foizini tashkil qiladi. 2019 yilda bu ko‘rsatkich 15,8 milliard dollar bo‘lgan.
2025 yilning o‘zida turizm sohasining iqtisodiyotdagi ulushi 17,7 foizga oshgan. Bu Shimoliy-sharqiy Osiyodagi 8,7 foizlik va Janubi-sharqiy Osiyodagi 7,6 foizlik o‘sishdan yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
WTTC ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Markaziy Osiyoga kelgan xorijiy sayyohlar xarajatlari 26,4 foizga ko‘paygan. Turizm sohasiga kiritilgan sarmoyalar 12,4 foizga, sohada band bo‘lganlar soni esa 9,5 foizga oshgan.
Ayni paytda mintaqada turizm sohasida 1,7 million kishi mehnat qilmoqda. Bu har 17 ta ish o‘rnidan biri turizm sohasiga to‘g‘ri kelishini anglatadi.
2025 yilda sayyohlar Markaziy Osiyo bo‘ylab jami 15,4 milliard dollar sarflagan. Shundan 9,9 milliard dollar xorijiy, 5,5 milliard dollar mahalliy sayyohlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Hisobotda qayd etilishicha, Markaziy Osiyo aholisi xorijiy safarlar uchun eng ko‘p O‘zbekistonni tanlagan. Mintaqa aholisining xorijga qilgan barcha sayohatlarining 25 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (23 foiz), Qirg‘iziston (18 foiz), Rossiya (16 foiz) va Turkiya (6 foiz) qayd etilgan.
Mutaxassislar Markaziy Osiyoda turizmning o‘sishini tarixiy shaharlarga qiziqish ortishi, tog‘ va ekologik turizm rivojlanishi, aviaqatnovlar kengayishi hamda viza tartiblarining yengillashtirilishi bilan izohlamoqda.
Prognozlarga ko‘ra, 2026 yilda turizmning Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasi 21,7 milliard dollarga yetishi mumkin.






