AsosiyBU QIZIQ

BMT Yer aholisini misli ko‘rilmagan issiqlik to‘lqinlaridan ogohlantirdi

Jahon meteorologiya tashkiloti rahbari Selesta Sauloning ta’kidlashicha, El-Nino eng sinchkovlik bilan kuzatiladigan iqlim hodisalaridan biri hisoblanadi.

'BMT Yer aholisini misli ko‘rilmagan issiqlik to‘lqinlaridan ogohlantirdi'ning rasmi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yer sayyorasida yaqin oylarda misli ko‘rilmagan issiqlik to‘lqinlari kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Tashkilot bu holatni kuchayib borayotgan El-Nino iqlim hodisasi bilan izohladi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Nyu-Yorkdagi qarorgohida so‘zga chiqib, dunyo allaqachon ekstremal ob-havo hodisalari kuzatilgan yozni boshdan kechirayotganini bildirdi. Uning qayd etishicha, rekord darajadagi issiqlik to‘lqinlari, Ispaniya va Fransiyadagi yirik o‘rmon yong‘inlari, shuningdek, Dunyo okeani yuzasi haroratining misli ko‘rilmagan darajaga chiqishi iqlim inqirozi tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Jahon meteorologiya tashkiloti prognozlariga ko‘ra, El-Nino 2026-yilning avgust–oktyabr oylarida eng yuqori faollik bosqichiga yetadi. Tinch okeani yuzasi harorati allaqachon rekord darajaga ko‘tarilgan bo‘lib, yaqin oylarda deyarli barcha qit’alarda havo harorati iqlimiy me’yordan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Ta’kidlanishicha, El-Nino faqat haroratning oshishiga emas, balki yog‘ingarchilik rejimining o‘zgarishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa dunyoning turli hududlarida qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va o‘rmon yong‘inlarining kuchayishiga olib kelishi mumkin.

"Xulosa aniq — iqlim inqirozi tobora tezlashmoqda", dedi Antoniu Guterrish.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ekstremal issiqlik inson salomatligi, energetika tizimlari, transport infratuzilmasi va sog‘liqni saqlash sohasiga jiddiy bosim o‘tkazadi. Ayniqsa, keksa yoshdagilar, bolalar va boshqa zaif aholi qatlamlari bundan ko‘proq jabr ko‘radi.

BMT rahbari hukumatlarni aholini erta ogohlantirish tizimlarini kuchaytirish, xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash, shaharlarni ekstremal issiqlikka moslashtirish hamda iqlim o‘zgarishining asosiy sababi hisoblangan qazilma yoqilg‘idan bosqichma-bosqich voz kechishga chaqirdi.

Jahon meteorologiya tashkiloti rahbari Selesta Sauloning ta’kidlashicha, El-Nino eng sinchkovlik bilan kuzatiladigan iqlim hodisalaridan biri hisoblanadi. Biroq prognozlarning o‘zi yetarli emas, davlatlar ehtimoliy xavflarni oldindan baholab, amaliy choralar ko‘rishi zarur.

Prognozlarga ko‘ra, avgust–oktyabr oylarida Afrikaning katta qismi, Janubiy Yevropa, Arabiston yarim oroli, Hindiston yarim oroli, Sharqiy Osiyo, Markaziy Amerika, Karib havzasi mamlakatlari, Janubiy Amerikaning katta qismi hamda Yangi Zelandiyada havo harorati me’yordan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, Markaziy Osiyoning ayrim hududlarida yog‘ingarchilik miqdori ortishi, boshqa bir qator mintaqalarda esa qurg‘oqchilik xavfi kuchayishi prognoz qilingan.

    Boshqa yangiliklar