AsosiyDunyo

Istanbuldagi teraktlar haqida hozirgacha nimalar ma`lum?

2016 yilning 31 dekabridan 2017 yilning 1 yanvariga o`tar kechasi Istanbul shahrining Reina mashhur tungi klublaridan birida mudhish terrorchilik harakati sodir etildi.
Reina tungi klubiga shu kuni eski yilni kuzatib, Yangi yilni kutib olishga 700 kishi to`plangan edi. Guvohlarning so`zlariga ko`ra, klub haddan ortiq to`la bo`lgan.
 
Hodisa oqibatida 39 nafar kishi halok bo`ldi, 69 nafar jabrlanganlar kasalxonada. Halok bo`lganlarning 16 nafari chet el fuqarolaridir. Terrorchi voqea joyidan yashiringan. Ayrim rasmiy manbalar terrorchi polisiya tomonidan qo`lga olinganligini ta`kidlasa, yana ayrimlari u hali hamon ozodlikda deyishmoqda.
 
Hammasi qanday sodir bo`ldi
 
Istanbuldagi mahalliy vaqt bilan tungi soat 1:30 da klubga Santa-Klaus qiyofasida terrorchi kirib keldi. Ayrimlar ular ikki-uch kishi bo`lgan deya guvohlik berishmoqda. Hujum uyushtirgan shaxs Kalashnikov avtomatidan tashrif buyurganlarga qarata o`q uzgan.
 
Istanbul meri Vasip Shaxin hujum paytida bir nafar polisiya ofiseri halok bo`lganini hamda sodir etilgan hodisa teraktligini ta`kidlamoqda. 69 kishi kasalxonada, ulardan olti nafari — yomon ahvolda. Ma`lumotlarga ko`ra, halok bo`lganlar orasida O`zbekiston fuqarolari yo`q.
 
Qotilni izlab
 
Hozircha Turkiya polisiyasi guvohlarning bir-biriga qarshi ko`rsatmalaridan terrorchilar sonini aniqlasha olmayapti. Terakt sodir etilgandan keyin matbuotda hujumchi o`ldirilganligi haqidagi xabar chop etildi. Keyinroq polisiya ushbu ma`lumotni rad etdi.
 
Ayni damda terrorchini qidirish ishlari davom etmoqda.
 
Mazkur terrorchilik harakati uchun “Islom davlati” terrorchilik tashkiloti javobgarlikni bo`yniga oldi.
 
Avval xabar berganimizdek, sodir etilgan mudhish terrorchilik harakati oqibatida ko`plab insonlarning halok bo`lganligi munosabati bilan O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkiya rahbariga ta`ziya izhor etdi.

Boshqa yangiliklar