1

Yuragimda saqlaganlarim: Qorqizning dardi

Mutolaa 03.01.2017, 11:51
Teglar: Yuragimda saqlaganlarim
Yuragimda saqlaganlarim: Qorqizning dardi

Gunohim shunchalar og`irmidiki, ota-onam meni ko`rishni istamaydi, xavotirga tushmaydi.

Maktublar bizga turli insonlar taqdiridan kichik lavha keltiruvchi elchi, vositachi. Har birini o`qiganimiz sari Alloh odamlarga o`xshashi yo`q qismat bitganiga amin bo`lamiz. Goh hayratga tushamiz, ba`zan qayg`uga botamiz, ayrim chog`larda sevinamiz ham. Ismini sir tutishni so`ragan ushbu xat egasining kechmishlari esa bizni o`yga toldirdi. O`ylaymizki, undan o`z maslahatlaringizni ayamaysiz.

—  Men yangi yilni intiqlik bilan kutyapman, — deb gap boshlabdi xat egasi. — O`tgan yilgi voqeadan so`ng endi har yili kutsam kerak. Bilmayman, yana qancha kutib yashayman, bu bayramni? Ammo bilamanki, uzoq kutaman.

Keling, men sizga hammasini boshidan so`zlab beraman. Men uncha katta bo`lmagan shahar chetida dunyoga kelganman. Oilada uch qiz, ikki o`g`ilmiz. Men hammasidan kichigiman. Akamlaru opamlarning hammasi uyli-joyli bo`lib ketgan. Men esa...

Hammasi o`sha, uni uchratgan kunimdan boshlandi. Men pishiriq pishirishni o`rgatadigan o`quv markazida tahsil olardim. Har kuni uydan tuxum, shakar, un kabi mayda-chuyda mahsulotlar olib ketardim-da, uyga ajoyib shirinliklar pishirib qaytardim. 

Ota-onamning eng kichik, erkatoy qizi bo`lganim sabab ular rosa maqtashar, alqab-alqab eyishardi. Men esa bundan g`ururlanib yana nimadir pishirishga kirishib ketardim. Uyda o`zim ham mustaqil ravishda pishirib, hammani, ayniqsa, jiyanchalarimni xursand qilardim. Bir safar galdagi pishiriqning masalliqlarini olish uchun bozorga tushdim. Hamma narsani olib, asal olgani asalchilarning yoniga o`tdim. 

—  Arzonrog`i bormi? — dedim pulim kam qolgani bois.

—  Arzonini nima qilasiz? Qimmatidan oling, toza bo`ladi. Ming dardga davo, — dedi sotuvchi yigit. 

U o`ta kelishgan, baland bo`yli, qora qoshli, ochiq yuzli yigit edi. 

Bir qarashdayoq yuragim jiz etdi. 

—  Men pishiriq uchun olyapman. Toza bo`lishi shart emas, — dedim to`g`risini aytib.

Shundan so`ng u boshqa asalni tavsiya qildi. Men endi uning doimiy mijoziga aylandim. O`quv kurslarim tugagandan keyin ham aynan uni ko`rish uchun pishiriq pishirishga kirishar va bozorga kelib, undan olib ketardim. Tabiiyki, bu orada biz yaqin tanishga aylandik. So`rashadigan, rasta oldida biroz gaplashib qolib ketadigan bo`ldik. Keyin men qo`shnilarning taklifi bilan ko`proq pishiriq pishiradigan, ular har kuni oladigan bo`ldi. Endi har kuni, ko`proq pishiriq pishirar va pullardim. Biroz foyda qila boshlaganimni ko`rgan ota-onam yanada ko`proq pishirishimga sharoit yaratdi va bozordagi bir pishiriq sotadigan ayolga sotgani berib, foyda qila boshladim. Endi yanada ko`p asal olganim uchun biz qadrdonlarga aylangan va telefon va telegram orqali ham gaplashib turadigan bo`ldik. Kunlarning birida uning rashk qilayotganini sezib qoldim. Shunaqa xursand bo`limki...

Keyin sevishinb aytli, so`ng sovchi yubordi. Sovchilarga otam rad javobini berdi. Sababini bilmadim. Oyoq tirab turib oldi. Men yig`ladim-siqtadim. Onam o`rtaga tushmoqchi bo`ldi. Otam baribir yumshamadi. Oxiri onamdan bildimki, ko`ngil qo`ygan insonimning otasi bilan bir paytlar birga ishlagan va u tufayli otam ishdan haydalgan ekan. To`g`rirog`i, otamni ishdan haydatgan. Shuning uchun otam sira yon bermadi. Men esa muhabbatimdan voz kecholmasdim. Uni chin dildan sevardim. 

—  Menga sendan boshqasi kerakmas. Qochib ket, — dedi yigit jiddiy. — Men onamga aytib, seni to`g`ri uyga olib boraman. Keyin ilojsiz qolishgach, to`yga rozi bo`lishadi. 

Bu yo`l menga ham ma`quldek ko`rindi. Axir men begona bilan ketayotganim yo`q. Hamma biladi. U menga sovchi yuborgan, niyati jiddiy. U bilan birga ketsam... Shu bilan yana ota-onasi sovchilikka boradi sekin tushuntirishadi. Birov bilib-birov bilmaydi. Shu bilan hamma rozi. To`yimiz bo`ladi va men baxtli bo`laman. 

G`o`rligim sabab shu yo`lni to`g`ri deb bildim. U bir hafta tayyorgarlik ko`rdi. Uydagilari bilan maslahatlashgan holda men sekingina u aytgan joyga bordim. O`sha kuning o`zida ota-onasi yana biznikiga borgan va vaziyatni tushuntirgan. Otam battar tutaqibdi, to`nini teskari kiyibdi. Uyga qadam bosmasligimni aytibdi. 

—  Hozir qizishib turibdi-da, hademay hammasi o`z o`rniga tushadi, — dedi bo`lajak qaynonam.

Afsuski, unday bo`lmadi.  Yarim yil kutdik, bir yil kutdik. Oxiri kichikroq to`y qilib, bizni nikohlashdi. To`yga bitta-ikkita qarindoshlarimni aytmasa, yaqinlarim kelmadi. Hamma mendan xafa. “Otaning yuziga oyoq qo`ydi”, deb bilardi. Xullas, men shu tarzda o`z uyimga begona bo`ldim. 

Mana shu voqeaga ham to`rt yil bo`libdi. Bu orada farzandli bo`ldim. Kelin bo`lgan uyimning o`tidan kirib, kulidan chiqdim. Hammasining ko`nglidan joy oldim. Faqat... faqatgina ota-onamning ko`ngli yumashayapti, mehri tovlanib meni kechirmayapti. Ularni juda sog`inib ketdim. Shunchalar ko`rgim keladiki...

Oxiri o`tgan yili bir ish qildim. Erimni Qorbobo kiyintirdim. O`zim Qorqiz qiyofasiga kirdim. Yuzimga maska taqqanimcha, sovg`a-salomlar oldim. So`ng yuragim chiqqudek urib o`z uyimga ravona bo`ldim. Ovozimdan tanib qolmasliklari uchun umuman gapirmadim. Turmush o`rtog`im sovg`a ulashdi, gaplashdi. Men esa niqob ostida yum-yum yig`ladim. Akamning men turmush qurganimdan keyin tug`ilgan o`g`ilchasi ham chopqillab ketibdi. Biram shirin. Ota-onam ancha cho`kib qolibdi. Sal qoldi, ularning bag`riga o`zimni otishimga. Lekin yuragim dov bermadi. 

—  Sovg`alar kim tomonidan? — so`radi chiqib ketayotganimizda otam. —  Chunki biz Qorbobo chaqirtirmagandik. Lekin bolalar juda xursand bo`ldi. Pulini beramiz. Manzilda adashdingiz shekilli...

—  Yangi yil sovg`asi-ku, bu. Qiziqmisiz? Biz ham ishxonaning bo`yrug`ini bajaryapmiz. Manzilga to`g`ri keldik. Sog` bo`ling! — turmush o`rtog`im shunday dedi. Men o`zimni tashqariga urdim. Nima bo`lganda ham tanib qolmasliklarini istadim. 

Urinishim natija bermagani uchun bu haqda hech kimga churq etmadik. Yuragimda saqlab yurdim. Lekin mana yana yangi yil kelmoqda. Men tag`in o`sha Qorqiz qiyofasida yaqinlarimni ko`rishni istayman. Ularning yuragidagi muzni eritishni xohlayman. Ilgarigidek ularni quchish, bag`rida  yayrashni istayman. Afsuski, nazarimda yana o`tgan yilgi holat takrorlanadigandek. Yana men ko`z yoshlarim va maska ortidan ularning diydoriga to`ymay qaytadigandekman. Nima qilishga ham hayronman. Ehtimol, o`tgan yili oxirida o`zimni tanitganim afzalmidi? Lekin bunga sira-sira yuragim betlamaydi. Diydorni, bo`lajak voqealarni eslasam, yana yuragim ortga tortadi. Bundan tashqari, hayajonga ham tushaman. 

Gunohim shunchalar og`irmiki, ota-onam meni sog`inmaydi, ko`rishni istamaydi, xavotirga tushmaydi. Farzandli bo`lganimni eshitgan bo`lishlari aniq. Shunda ham bir bor hol so`rashmadi. Nahot, mening ota-onam shunchalar bag`ri tosh edi? Yoki g`urur shu qadar odamning yuragini metinga aylantirib qo`yadimi?

Men bu yangi yilda ham qadrdon uyimga borishni niyat qilganman. Nima qilay, axir? Ularni sog`ingan bo`lsam... 

Ammo ularning tanimasligi, tanisa, ham sukut saqlashlarini o`ylasam, yuragim qonga to`ladi. Balki, o`tgan yili rostdan ham tanimagandir? Qerdan ham tanisin? Yuzim to`silgan, ovozim chiqmas, o`zim esa ancha to`lishgandim. 

Bu dardimni sizlarga aytishimdan maqsad, menga maslahat berishingizni xohlayman. Ayting, men nima qilay? Nima qilsam, ota-onam meni kechiradi? Yana ilgarigidek bag`riga bosadi. Yaxshi ko`radi? Maslahatlaringizni kutaman...

KAMINA oqqa ko`chirdi

Sharhlar

​QIMMATGA TUShGAN “MUHABBAT”

25.07.2017, 11:04

Biron bir ishni boshlash oson kechmaydi. Nemislarda ham “hamma ishning boshlanishi og`ir” degan maqol bor. Qancha mehnat, mablag` va tinimsiz harakat zarur. Hujjatlarni to`g`rilash, ma`lum...
​Shubhaga ergashib…

11.07.2017, 12:11

Nasiba ko`zini to`yxonaning to`rt tomoniga yugurtirib erini izlay boshladi. Qani u? Topolmagach, o`rnidan turdi-da, butun tashvishlarini unutib sho`x taronaga raqs tushayotganlarni oralab, eshik tomon yurdi....
​Yaproqdagi nur

29.06.2017, 14:11

Qizlar yotoqxonasining yuqori qavatiga ko`tarilayotganimda qattiq hayajonlanib ketdim. Ko`rishmaganimizga ham ancha bo`ldi. Qanday kutib olarkin? Nimadan gap boshlasam ekan? Bu uchrashuvimiz nima bilan tugarkin? Har...
​MEHRIBON

28.06.2017, 15:27

Sobira kalendarga qaradi. O`n ettinchi fevral… Ertaga o`g`li bilan uchrashadi. Ikkilarining ham tug`ilgan kunlari. Yuragini temir qo`llar g`ijimlagandek bo`ldi. Sog`ingan, juda-juda sog`ingan…Uch yil muqaddam…Sobira o`zi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1