1

Shavkat Mirziyoev va Si Szinpin bir-biriga tabrik yo`lladi

Jamiyat 03.01.2017, 12:54
Teglar: O`zbekiston, Xitoy
Shavkat Mirziyoev va Si Szinpin bir-biriga tabrik yo`lladi

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

Si Szinpin Janobi Oliylariga

Janobi Oliylari!

Mamlakatlarimizning har tomonlama va samarali hamkorligining unutilmas solnomasidagi muhim sana – O`zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan O`zbekiston xalqi nomidan Sizni va butun Xitoy xalqini samimiy tabriklash menga ulkan mamnuniyat bag`ishlaydi.

O`zbekiston va Xitoy aloqalari ko`p asrlik tarixga ega bo`lib, Buyuk ipak yo`li davriga borib taqaladi. Xalqlarimiz o`rtasida azal-azaldan barqaror savdo-sotiq, ilm-fan va gumanitar aloqalar yo`lga qo`yilgani, madaniyatlarimiz, an`ana va urf-odatlarimiz bir-birini boyitgani haqidagi ko`plab yorqin misollar tarix sahifalariga muhrlangan.

Izchil va muttasil rivojlanib borayotgan, jahonda ulkan nufuz va ta`sirga ega Xitoy O`zbekistonning yaqin va ishonchli hamkoridir. Mamlakatlarimiz o`rtasidagi aloqalar mustahkam an`anaviy do`stlik, o`zaro anglashuv va hurmat ruhida muntazam rivojlanib bormoqda.

O`zbekiston va Xitoy munosabatlari bugungi kunda avvalo Sizning shaxsiy tashabbusingiz tufayli tom ma`noda har tomonlama chuqur o`ylangan, o`zaro manfaatli mazmun kasb etgan hamkorlikka aylandi. Tomonlarning izchil va qat`iy sa`y-harakatlari natijasida mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o`rtasida uzoq muddatli va ko`p qirrali hamkorlik shakllandi, davlatlararo va hukumatlararo tashriflar muntazamlik kasb etdi.

Biz Sizning rahbarligingizda amalga oshirilayotgan va chuqur o`ylangan, vazmin tashqi siyosat yo`li, yagona Xitoy siyosati, terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka qarshi kurashish borasidagi tadbirlarni doimo qo`llab-quvvatlaymiz.

O`zbekiston BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar doirasida Xitoy bilan bundan keyin ham amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor.

Mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlarning mustahkam huquqiy bazasi yaratilgan bo`lib, uning eng muhim asosi bo`lgan Do`stlik va hamkorlik to`g`risidagi shartnoma o`zaro aloqalarimizning poydevori bo`lib xizmat qilayotganini alohida ta`kidlashni istardim. Sizning 2016 yil iyun oyida O`zbekistonga davlat tashrifingizni, uning doirasida tarixiy ahamiyatga ega Qo`shma bayonot imzolanganini hamisha katta mamnuniyat bilan eslaymiz. Ushbu hujjat O`zbekiston va Xitoy munosabatlarini har tomonlama strategik sheriklik darajasiga olib chiqdi.

Savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnikaviy va investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirish borasida erishilayotgan yutuqlar alohida e`tiborga loyiq. O`zbekistonda iqtisodiyotni isloh etish va modernizasiya qilish borasidagi eng muhim dasturlarni Xitoy izchil qo`llab-quvvatlayotganini yuksak qadrlaymiz. Xitoy ko`magi va ishtirokida sanoat, energetika, transport, telekommunikasiya, qishloq xo`jaligi va boshqa ko`plab sohalarda keng miqyosli yuqori texnologik investisiyaviy loyihalar amalga oshirildi.

Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki faoliyat boshlagani iqtisodiy hamkorligimiz uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Yaqin kelajakda bo`ladigan oliy darajadagi uchrashuv O`zbekiston – Xitoy munosabatlarining har tomonlama rivojiga yanada jadal sur`at bag`ishlashiga, o`zaro va ko`p tomonlama hamkorligimizning barcha masalalari bo`yicha muloqotlarimizni davom ettirish uchun qulay imkoniyat bo`ladi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, Sizni, muhtaram Si Szinpin janoblari, oila a`zolaringiz va yaqinlaringizni chin qalbimdan Yangi yil bilan tabriklab, mustahkam sog`lik, baxt-saodat, davlat rahbari sifatidagi mas`uliyatli faoliyatingizga zafarlar, do`st Xitoy xalqiga farovonlik va taraqqiyot tilayman.

Chuqur ehtirom bilan,

Shavkat MIRZIYoEV,

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti


O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident janoblari!

Xitoy Xalq Respublikasi va O`zbekiston Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan Xitoy hukumati va xalqi nomidan hamda shaxsan o`z nomimdan Sizga va do`st O`zbekiston xalqiga samimiy tabriklarimni va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Xitoy va O`zbekiston – yaqin do`stlar va ishonchli hamkorlardir. Diplomatik munosabatlar o`rnatilgandan buyon o`tgan 25 yil davomida Xitoy va O`zbekiston munosabatlari izchil va barqaror rivojlanmoqda. Davlatlarimiz o`rtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar muntazamlik kasb etgan, o`zaro siyosiy ishonch mustahkamlanmoqda. "Bir qutb, bir  yo`l” barpo etilishida dastlabki muhim natijalarga erishildi, “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasidagi hamkorlik samarali rivojlanmoqda. Mamlakatlarimiz asosiy manfaatlariga doir masalalarda bir-birini qat`iy qo`llab-quvvatlab kelmoqda. Davlatlarimiz umumiy manfaatlarimizni himoya qilish maqsadida BMT, ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida yaqindan hamkorlik qilmoqda. Mamlakatlarimiz imzolagan Do`stlik va hamkorlik to`g`risidagi shartnoma o`zaro munosabatlarimizni rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos bo`lib xizmat qilmoqda. 2016 yilda biz har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini o`rnatdik, turli sohalardagi hamkorligimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga ko`tarildi. Xitoy munosabatlarimizning muvaffaqiyatlaridan mamnun va u istiqbolda yanada rivojlanishiga ishonchi qat`iydir.

Men Xitoy va O`zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida ahamiyat beraman. Xitoy O`zbekiston tanlagan o`ziga xos taraqqiyot yo`lini, davlat mustaqilligi, suvereniteti va xavfsizligini mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rag`batlantirish va tashqi aloqalarni kengaytirish borasidagi sa`y-harakatlarini bundan buyon ham qo`llab-quvvatlayveradi. Xitoy – O`zbekiston munosabatlarining 25 yilligi munosabati bilan mamlakatlarimiz xalqlarining farovonligi yo`lida o`zaro siyosiy ishonchni mustahkamlash, Xitoy va O`zbekistonning har tomonlama strategik sherikligini izchil rivojlantirish yo`lida Siz bilan hamkorlikda ishlashga tayyorman.

Xitoy va O`zbekiston do`stligi yanada mustahkamlanib, jadal rivojlanaversin!

Sizga mustahkam sog`lik va davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar tilayman!

Si SZINPIN,

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

 

Sharhlar

O`zbekiston TIV Xitoy va Braziliyaga hamdardlik bildirdi

03.05.2024, 18:04

Xitoy va Braziliyada kuchli yog`ingarchiliklar yuz bergani oqibatida ko`plab insonlar vafot etgani edi. Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Xitoy va Braziliya davlatlariga hamdardlik bildirdi.Ma`lum bo`lishicha, Braziliya...
O`zbekiston Eronni mag`lub etib, Osiyo kubogiga yo`llanmani qo`lga kiritdi (video)

13.09.2023, 11:02

Osiyo kubogi uchun saralash o`yinlari yakunlandi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" muxbiri. Ma`lum bo`lishicha, so`nggi 6 o`yinda raqiblari darvozasiga 25 ta gol kiritib, 3 ta gol  o`tkazib...
⚡️Qirg`iziston va O`zbekiston hamkorlikda ishlab chiqaradigan avtomobillarning narxlari e`lon qilindi

24.01.2023, 10:47

Avval xabar qilganimizdek, O`zbekiston va Qirg`iziston hamkorlikda 19 turdagi engil avtomobillar, jumladan mikroavtobus, pikap, sedan va boshqalarni ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Qirg`izistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar narxi 13...
Putin O`zbekistondagi g`ayritabiiy sovuqlar haqida fikr bildirdi (video)

18.01.2023, 11:45

Rossiya prezidenti Vladimir Putin iqtisodiy masalalar bo`yicha yig`ilish o`tkazdi va unda Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi sovuqlar haqida fikr bildirdi. Rossiya rahbari bosh vazir Mixail Mishustindan agrosanoat majmuasida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1