Bugun Milliy olimpiya qo`mitasining XXX Bosh Assambleyasi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Tadbirni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari Adham Ikramov olib bordi. Unda to`rt yillik olimpiya siklida qilingan ishlar, erishilgan natijalar borasida qo`mita bosh kotibi Oybek Kasimov hisobot berdi.
Tan olish lozim 2013-2016 yillar mobiynida Rio-de-Janeyrodagi XXX yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o`yinlarida sportchilarimizning muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun juda katta ko`lamda ish olib borildi. Eng avvalo O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston sportchilarini 2016 yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da bo`lib o`tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o`yinlariga tayyorgarlik ko`rishi to`g`risida” 2013 yil 25 fevraldagi 1923-sonli qarori bilan Dastur hamda Respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.
Shuningdek, O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi tarkibiga o`zgartirish kiritilib, yangi boshqarma va bo`limlar tashkil etildi. Joylarda ish faoliyatini yanada jonlantirish maqsadida Qo`mitaning Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarida hududiy vakillarning faoliyati yo`lga qo`yildi.

Dasturga muvofiq 14 ta olimpiya sport turlari bo`yicha respublika federasiya va assosiasiyalardan 28 ta sport turlariga alohida e`tibor qaratilib, dastur asosida homiylar biriktirdi. Ularga 2013-2016 yillar davomida jami 46,5 mln. AQSh dollari miqdorida mablag` ajratildi.
Olimpiya sport turlari bo`yicha federasiya va assosiasiyalarning moddiy-texnik bazalari yanada takomillashtirildi. Jumladan, Toshkent shahrida dzyudo, boks, gimnastika, qilichbozlik, eshkak eshish, taekvondo WTF, tennis, sport kurashlari, og`ir atletika, velosport va Paralimpiya sport turlari bo`yicha sport bazalari hamda markazlari ishga tushirildi. To`rt yil mobaynida Olimpiya sport turlari bo`yicha federasiya va assosiasiyalarga biriktirilgan 88 ta sport bazasidan deyarli barchasida qurilish, rekonstruksiya, kapital ta`mirlash ishlari amalga oshirilib, ularning moddiy-texnik bazasi zamonaviy talablar asosida yanada takomillashtirildi. Olimpiya va Paralimpiya o`yinlariga puxta tayyorgarlik ko`rish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 30 dekabrdagi 346-son qarori asosida sport turlari bo`yicha terma jamoalariga 14 nafar xorijiy mutaxassilar jalb etildi.
Qilingan ulkan hajmdagi ishlar o`z samarasini berdi va o`zbekistonlik sportchilar ilk marotaba yozgi Olimpiya o`yinlarida dunyoning 207 davlati vakillari orasida 4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza jami 13 ta medaliga sazovor bo`lib umumjamoa hisobida 21-o`rinni band etishdi. Qo`lga kiritilgan yuksak g`alaba Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi(MDH) davlatlari orasida Rossiyadan keyin ikkinchi, Osiyo qit`asida Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya davlatlaridan keyin to`rtinchi, Markaziy Osiyoda esa birinchi natija bo`ldi.
Bosh Assambleya yig`ilishida Milliy olimpiya qo`mitasining to`rt yiliik sikldagi faoliyati qoniqarli deb bir ovozdan qabul qilindi. Shundan so`ng Milliy olimpiya qo`mitasiga yangi prezident saylash marosimi bo`lib o`tdi va ushbu lavozimga “O`zbekneftegaz” milliy xolding kompaniyasi raisi Alisher Sultonov bir ovozdan saylandi.
Mamlakatimizdagi sport federasiyalari va taniqli sportchilarning taklifga ko`ra Mirabror Usmonov Milliy olimpiya qo`mitasining faxriy prezidenti etib tayinlandi. O`z navbatida o`tgan davr mobaynida qo`mitaga rahbarlik qilgan Mirabror Usmonovga butun sport jamoatchiligi va olimpiya harakati ishtirokchilari nomidan minnatdorchilik izhor etildi.
Shuni alohida e`tirof etish kerakki, Mirabror Usmonov Rio—2016 Olimpiadasi sikli boshlangan bir vaqtda MOQ prezidenti etib tayinlangan bo`lib, uning rahbarligida O`zbekiston delegasiyasi Olimpiadalar tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etdi.
Shuningdek qo`mita vise prezidentlari sifatida Valeriy Tyan, Salim Abduvaliev, Farhod Turdiev va Umid Ahmadjonovlar saylanishdi. Oybek Kasimov esa Bosh kotib lavozimiga qayta saylandi va faoliyatini davom ettiradigan bo`ldi. Milliy Olimpiya qo`mitasining XXX Bosh Assambleyasida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi.





