AsosiyJamiyat

“Nuroniy” jamg`armasiga yangi rahbar tayinlandi

Milliy universiteti professori bo`lib ishlab kelayotgan Shuhrat Jalilov O`zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo`llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg`armasi respublika boshqaruvi raisi etib saylandi

Poytaxtimizda O`zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo`llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg`armasi markaziy kengashining kengaytirilgan yig`ilishi bo`lib o`tdi. 

Unda jamg`arma ta`sischilari, kengash a`zolari, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi. 

Yig`ilishda ta`kidlanganidek, bugungi tezkor va globallashuv davri yoshlar tarbiyasiga yanada hushyorlik va ogohlik bilan yondashishni, ma`naviy-ma`rifiy jarayonlarda tabarruk yoshdagi insonlarning tajribasi, yo`l-yo`riqlari, nasihatlaridan unumli foydalanishni taqozo etmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 28 dekabrdagi “O`zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg`armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni va “Keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko`tarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Yig`ilishda tashkiliy masala ko`rildi. Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti professori bo`lib ishlab kelayotgan Shuhrat Jalilov O`zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo`llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg`armasi respublika boshqaruvi raisi etib saylandi. 

“Nuroniy” jamg`armasining Buxoro viloyati bo`limi kengashi raisi S.Husenov, Qoraqalpog`iston Respublikasi bo`limi kengashi raisi Sh.Usnatdinov, Namangan viloyati bo`limi kengashi raisi I.Najmiddinov, Toshkent viloyati bo`limi kengashi raisi S.Asatov, Toshkent shahar bo`limi kengashi raisi M.Zufarov va boshqalar yoshi ulug` insonlarga alohida hurmat-e`tibor ko`rsatayotgani uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi, jamg`arma oldidagi muhim vazifalar xususida so`z yuritdi. 

Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov so`zga chiqdi.

    Boshqa yangiliklar