O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 7 yanvar kuni Prokuratura organlari xodimlari bilan uchrashgani haqida xabar bergandik.
Uchrashuvda qonunchilik bazasini har tomonlama mustahkamlash va qonunlarni so`zsiz ijro etish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, demokratik huquqiy davlatni rivojlantirish, xususiy mulk va tadbirkorlik taraqqiyotini qo`llab-quvvatlash hamda uning ishonchli himoya qilinishini ta`minlashda prokuratura organlarining roli katta ekanligi ta`kidlandi, deb yozadi O`zA.
Hozirgi kunda Oliy Majlis Senati tomonidan har yili Bosh prokurorning hisoboti eshitiladi. Bu albatta muhim, lekin joylardagi prokurorlarning hisobotini kim eshitadi, dedi Shavkat Mirziyoev. 2017 yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etiladi. Bundan tashqari, viloyatlarda prokurorlarning ishiga qarab oylik reytingi tuzib boriladi. Ularning faoliyatiga reyting natijalari asosida baho beriladi, dedi davlatimiz rahbari.





