1

Homiladorlikni rejalashtirayotgan juftliklar uchun 6 tavsiya

Salomatlik 09.01.2017, 09:34
Teglar: Salomatlik, Er-xotin, Bola, SUGDIYONA
Homiladorlikni rejalashtirayotgan juftliklar uchun 6 tavsiya

Homilaning me`yorda rivojlanishi, sog`lom dunyoga kelishi ko`p jihatdan ayol salomatligiga bog`liq. Ammo bo`lajak ona organizmi biror xastalikdan aziyat cheksa-chi? Surunkali bezovtalik ayni homiladorlik vaqti xuruj qilmaydimi? Mittivoyga nojo`ya ta`sirining yuzaga kelish ehtimoli qay darajada? Farzand ko`rinishni rejalashtirishdan avval nimalarga e`tibor berilishi va tug`ruqqa tayyorgarlik haqida batafsil ma`lumot beramiz.

Mutaxassis – Mashkura ZOKIROVA, Toshkent viloyati Zangiota tumani akusherlik kompleksi, tug`ruq bo`limi boshlig`i.

Allergenlardan ehtiyot bo`ling!

«Homiladorlik vaqti astma xurujlari kamayib, kasallik o`z–o`zidan chekinadi» degan so`zlar shunchaki taxmin. Nafas yo`llarining surunkali xastaligi mavjud bo`lsa, farzand ko`rish, albatta, rejalashtirilishi lozim. Dastlab, pulmonolog hamda allergolog shifokorlar ko`rigi talab etiladi. Umumiy ahvolingizdan kelib chiqib, bir qancha tahlillar ham buyurilishi mumkin.

Homilador bo`lgach esa eng birinchi qiladigan ishingiz, astma haqida davolovchi ginekolog shifokorni ogoh etishdir. Unutmang, farzand kutayotgan davrda hech qanday dori preparati, hatto biror bir vitaminni ham o`z bilganingizcha qabul qilmang. Agar astma xurujlariga qarshi biror bir dori vositasi yoki ingalyatorlardan foydalanish buyurilgan bo`lsa, mutaxassis nazorati muhimdir.

Astmaning og`ir va o`rtacha og`ir turlari bilan kasallangan ayollar uchun xurujlarning oldini olishga mo`ljallangan preparatlar buyurilishi mumkin. Bunday vositalar asosan bronxlarga ta`sir ko`rsatib, qonga singmaydi. Homila rivojlanishida biror ziyoni bo`lsa-chi, degan o`y bilan muolajani to`xtatish o`rinsiz. Negaki, astma xurujlari zo`raysa, homilada kislorod etishmovchiligi (gipoksiya) kelib chiqishi mumkin.

Yog`li taomlar cheklovda!

Qon bosimingiz keskin ko`tarilishga moyil bo`lsa, farzand ko`rishni rejalashtirishda dastlab, terapevt shifokor, so`ng tor doiradagi mutaxassislar ko`rigidan o`tishingiz lozim. Zero, arterial gipertenziya xurujlari homiladorlikning to`xtatilishi kabi o`ta jiddiy holatlarga ham sabab bo`lishi mumkin. Okulist (ko`z tubi holatini baholaydi), nevrolog (ensefalopatiya alomatlarini o`rganadi), endokrinolog (qalqonsimon bez faoliyatidagi o`zgarishlarni aniqlaydi), urolog (UTT yordamida buyraklar holatini ko`zdan kechiradi) mutaxassislarning tibbiy xulosasiga ko`ra, farzand ko`rishga monelik qiluvchi holatlar inkor etilsa, gipertenziya muolajasida qo`llaniluvchi preparatlar qayta ko`rib chiqiladi.

Homiladorlik yuz berganidan so`ng ginekolog ko`rigini kanda qilmang. Birinchi uch oylikda arterial qon bosimi ko`tarilmaydi, hatto xastalik chekingandek tuyulishi ham mumkin. Biroq keyingi oylarda qon bosimini o`lchab borish g`oyat zarur. Tug`ruqqa qadar o`zgarishlar bo`lmasin desangiz yog`li taom va eguliklarni cheklang, ko`proq dam oling, stress holatlaridan himoyalanish, ertalab oyoq–qo`l chigilini yozish uchun bajariladigan mashqlar ham ayni muddao.

Tug`ruqqa yaqin qon bosimi «sakrashi»ning tez-tez kuzatilayotgani va ushbu hodisa ona va bola hayotini xavfda qoldirishi tasdiqlansa, kesarcha kesish amaliyoti o`tkazilishi mumkin. Homiladorlik normal kechganida esa o`z vaqti soati bilan tug`ruq amalga oshadi.

Ko`zingiz yoriyotgan mahal kuchanish oraliqlaridagi to`g`ri nafas olish maromiga amal qilsangiz, ko`z ichki bosimining ortishi kelib chiqmaydi.

Qat`iy nazorat va gigiena!

A, V, S va D turlariga ega bo`lgan gepatit kasalligi bilan og`rigan ayollar sog`lom farzand dunyoga keltirish imkoniyatiga egalar. Yagona sharti xastalik og`ir, jadal rivojlanmayotgan, jigarga asorat bermayotgan bo`lishi kerak. Kasallik turlari orasida S gepatitining qon orqali yuqishi, homilaga ta`siri bo`ladimi yoki yo`q, degan savolni paydo qiladi. Mutaxassislar, S gepatitining tug`ilajak farzandga yuqmasligi, ammo tug`ruq vaqti nihoyatda ahamiyatli bo`lish kerakligini uqtirishadi. Kasallik muolajasi yaqindagina tugatilgan holatlarda esa olti oydan so`ng homiladorlikni rejalashtirish lozim. Yo`qsa, organizm quvvatga kira olmaydi.

Ba`zan S gepatitining mavjudligi ayni homiladorlik davrida aniqlanishi mumkin. Bunday paytda ayol, ginekolog va boshqa tor doiradagi shifokorlar ko`rigidan o`tkazilib, tug`ruqqacha nazoratga olinadi. Farzand dunyoga kelgach, ko`krak suti bilan emizish, virusning bolaga o`tish ehtimolini keltirib chiqarmaydi, ammo xavf omili paydo bo`lmasligi uchun shaxsiy gigiena qoidalariga rioya etish, ko`krak uchlarida yoriqlar paydo bo`lishi hamon emizishni to`xtatish zarur.

Oyoqdan zax o`tmsin!

Biriktiruvchi to`qimaning shikastlanishi, yallig`lanishi bilan kechadigan revmatizm, asosan qon–tomirlar va bo`g`imlarni zararlaydi. Umumiy holsizlik, yirik bo`g`imlarda og`riq, ko`p terlash, yallig`lanish o`choqlarining zo`rayishi kuzatilganida, homilador bo`lish tavsiya etilmaydi. Muolaja yakuniga etgach, qayta tibbiy ko`rik o`tkazilib, xastalik asoratlari inkor etilsagina farzand ko`rishni rejalashtirish mumkin. Revmatizmning xavfli oqibatlaridan biri yurak-qon tomir faoliyatining buzilishidir. Shu bois kasallik avj olgan mahal homiladorlikka tayyorlanish man etiladi.

Farzand kutayotgan davrda nafas yo`llari yallig`lanishi, oyoqdan zax o`tishi, virusli kasalliklar, tumov, tish kariesidan himoyalanish lozim. Immunitetni chiniqtirish maqsadida na`matak damlamasini qabul qilish, og`iz bo`shlig`ini moychechak va tuzli suv aralashmasida chayish, burun atrofiga oksolin surtmasi bilan ishlov berish tavsiya etiladi.

Tana haroratining ko`tarilishi, bo`g`imlarda og`riq, jismoniy harakatlanish vaqtida nafas siqishi, holsizlik, ko`p terlash kabi alomatlar revmatizm xurujlariga ishora bo`lishi mumkin. Bunday paytlarda darhol davolovchi shifokoringiz bilan bog`lanib, zarur muolajalarni kechiktirmang. Kasallik xurujlariga e`tiborsizlik, homila gipoksiyasi hamda yo`ldosh ko`chishiga olib kelishi mumkin.

Foto: oyog`i og`riyyotgan homilador ayol

Qand miqdorini o`lchab boring!

Qandli diabetning birinchi va ikkinchi turi bilan kasallanish, farzand ko`rish ehtimolini kamaytirmaydi. Biroq homiladorlikni rejalashtirishda, endokrinolog ko`rigidan tashqari, nefrolog, okulist, kardiolog mutaxassislarning tibbiy xulosasi, qondagi qand miqdori ko`rsatkichi, ayolning yoshi, xastalik bosqichi ham e`tiborga olinadi. Diabetning jadal rivojlanishi aniqlanganida farzand ko`rish tavsiya etilmaydi.

Homiladorlik yuzaga kelgach, muntazam shifokor nazoratida bo`lish, parhez (sekin hazm bo`luvchi uglevodli mahsulotlar), zarur preparatlarni o`z vaqtida qabul qilish, qondagi qand miqdorini o`lchab borish (mustaqil tarzda bajarish ham mumkin), arterial qon bosimining me`yorda bo`lishiga ahamiyat berish lozim. Homiladorlik bezovtaliklarsiz kechsa, tug`ruq tabiiy yo`l bilan amalga oshiriladi. Biror bir o`zgarishlar kelib chiqqanida, misol uchun qon bosimining ortishi yoxud buyraklarda bezovtalik, rejali ravishda (yoki shoshlinch) kesarcha kesish amaliyoti o`tkaziladi.

O`zgarishlarga diqqat qiling!

Homiladorlikda asorat berishi mumkin bo`lgan kasalliklar orasida buyrak va peshob ajratish yo`li patologiyalari yurak qon-tomir tizimidan keyingi ikkinchi o`rinni egallaydi. Xususan, pielonefrit, glomerulonefrit, buyrak tosh xastaligi hamda buyrak etishmovchiligi mavjud bo`lganida, farzand ko`rishni rejalashtirishdan avval tibbiy tahlil xulosalari talab etiladi. UTT va peshob suyuqligi tekshiruvida nome`yoriy holatlar aniqlangudek bo`lsa, muolajani boshlash, davo choralari nihoyasiga etmagunicha homiladorlikdan saqlanish lozim. Negaki, qabul qilinayotgan preparatlar homila yuzaga kelishi va rivojlanishiga nojo`ya ta`sir ko`rsatadi.

Homiladorlik yuz berganidan so`ng deylik, pielonefrit xuruji kelib chiqdi. «Davolangandim-ku axir» deyishingiz mumkin. Biroq organizmdagi o`zgarishlar buyrak faoliyatini izdan chiqarishi hech gap emas. Bunday paytda vaqtni o`tkazmay peshob tahlilini topshirish hamda buyraklar UTTsi tavsiya etiladi. Bordi-yu, tahlil xulosasi eritrositlar miqdori oshganini ko`rsatsa, shifokor tomonidan homilaga ziyoni bo`lmaydigan preparatlar buyuriladi. Shu bilan birga bo`lajak ona siydik haydovchi damlamalarni ham qabul qilishi mumkin. Oyoqlarda shish kuzatilmasligi uchun esa engil jismoniy mashqlarni bajarish, og`ir hazm bo`luvchi taomlarni iste`mol qilmaslik lozim.

Juda oddiy tuyulgan surunkali charchoq ham ba`zan farzand ko`rish ehtimolini kamaytiradi. Negaki, toliqqan organizm quvvatsizlanib, reproduktiv tizim homila yuzaga kelishini rag`batlantira olmaydi. Shunday ekan, hamisha sog`ligingizga e`tiborli bo`ling!  

Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi.

 

Sharhlar

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
Er-xotin 5 bosh qo`y o`g`irlab qo`lga tushdi

03.12.2019, 10:59

 Poytaxtimizning Mirobod tumanida yashovchi fuqaro H.N. Toshkent viloyati Ohangaron tumani IIBga ariza bilan murojaat qilib, 29 noyabrga o`tar kechasi o`ziga tegishli «Gulobod» mahalla fuqarolar yig`ini...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1