Xonanda Shohruhxon “Darakchi” gazetasining 2017 yildagi ilk soni mehmoni bo`ldi. Xonanda bilan intervyuni to`liq talqinda e`tiboringizga xavola etamiz.
— Yangi yil muborak! Bayramni ko`ngildagidek qarshi oldingizmi?
— Rahmat, o`zingizga ham muborak! Odatga ko`ra, to`kin dasturxon atrofida qarindoshlarimiz bilan birga kutib oldik. Bolaligimizdan onam “Yangi yil – oilaviy bayram! Shuning uchun uyda, oila davrasida jamuljam bo`lish kerak!”, deb o`rgatganlar. Bu qoidani hech birimiz buzmaganmiz. Yangi yilni kutib olgandan keyin hech kim tarqalib ketmaydi, to tongga qadar o`yin-kulgi qilamiz.
— Shohruhxon, oshxonadagi “ijod”ingiz san`atdagi kabimi?
— Yo`q (kuladi). Sira haqiqiy oshpazlar tayyorlaydigan taom pishirib ko`rmagandim. Shu vaqtgacha tuxum qaynatib, kartoshka, go`sht qovurganman, xolos.
— Oshxona erkaklar o`ralashadigan joy emas, degan fikrdamisiz?
— Aslida erkaklar ayollarga nisbatan mazali taom pishiradi. Lekin vaqt masalasi tig`iz bo`lgani bois engil tayyorlanadigan eguliklar bilan cheklanaman. Agar vaqtim bemalol bo`lganida prodyuserim Izzat Nomozovdan taom tayyorlash sirlarini o`rgangan bo`lardim. U haqiqatdan ham ovqatni maromiga etkazib pishiradi, havasim keladi.
— Uyingizdagilarni faqat sizning qo`lingizdan eydigan ovqati bormi?
— Faqat “Choy qo`yib yubor”, deyishadi, xolos (kuladi). Maxsus bayramlarda ham uyda ayollarni oshxonadan ozod etib, xursand qilolmasam-da, boshqa usullar orqali ko`ngillarini olishni uddasidan chiqaman.
— Faqat onangiz qo`lidan eyishni xush ko`rgan taomingiz bormi?
— Onam tayyorlaydigan sho`rvalarga etadigani yo`q. Boisi ularni o`z fantaziyalariga asoslanib pishiradilar.
— Suhbatimizni ijod “oshxonasi”ga bursak, O`zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullaeva Samarqanddan Toshkentga kelgunga qadar sizning “Aldamadim” qo`shig`ingizni tinglab, hatto jo`r bo`lib xirgoyi qilib kelibdilar. Qo`shig`ingiz nimasi bilan yoqqan bo`lishi mumkin?
— Balki so`zlari yoqqan bo`lishi mumkin, yana kim bilsin (samimiy kuladi). Aslida bu qo`shiqdan yuqori parvoz kutmagandim. Lekin yaxshi natija berdi, xursand bo`ldim. Bastakor Farrux Badalbaev qo`shiqni eshittirib, “Agar shu qo`shiqni kuylasang, muxlislaring auditoriyasi kengayadi. Nafaqat yoshlar, balki kattalar ham qo`shiqlaringni maroq bilan tinglaydigan bo`lishadi”, degandi. Ochig`i, o`shanda Farrux akaning gaplariga ishonmagandim. Lekin hozir qanchalar haq bo`lganiga aminman.
— Reytingingizni qanday qilib bir maromda ushlab turishga erishasiz?
— Balki bu – omadli ekanimdandir. To`g`risi, u qadar iste`dodli ijodkor emasman. O`zimni havaskorlar sirasiga qo`shaman. Chunki mendan ancha mahoratli iste`dod egalarini taniyman, ularning ovoziga hatto muxlisman. Ular ham xalqqa tanilishni, tinimsiz qo`shiqlar taqdim etib, san`atsevarlarni xursand qilishni xohlashadi. Faqatgina ularga omad etishmaydi, nazarimda.
— Kamtarlik qilyapsizmi yo chindan imkoniyatlaringizni real baholayapsizmi?
— Yo`q, bu kamtarlik emas. Xonanda sifatida hali ijod sirlarini anchagina o`rganishim kerak.
— Xonandalar to`ylar orqali daromad qiladi. Shu ma`noda xizmat haqqingizni bermagan to`y egalari ham bo`lganmi?
— Albatta! Bunday vaziyat ko`p bo`lmaydi-yu, lekin uchrab turadi. Shunday holatlardan biri yodimda qolgan. To`yxonaga borganimizda to`y egasi “Sizga bugun xizmat haqqingizni berishim kerak edi. Lekin bor pulimni to`yxonaning ijarasiga berdim. Uzr, sizni ovora qildim”, degan. Shunda sozandalarimga “Yuringlar, qo`shiq aytib bersak, bizdan hech nima ketmaydi!”, deya to`y egalarini xursand qilgandik.
— “To`yda fayz oldi”, degan gaplar quloqqa chalinadi. Nazaringizda fayz nima?
— To`yxonaga yig`ilganlarga yuqori kayfiyat ulasha olish.
— Fayz olgan yaxshimi yo fayzli san`atkor bo`lishmi? Shohruxxon qaysi toifaga kiradi?
— (O`ylanib) Ham fayz ola bilish, ham fayzli san`atkor bo`lish kerak, nazarimda. O`zim har ikki toifaga kiraman.
— Oilangizda beshta san`atkor bor. San`atkorlar oilasining o`ziga yarasha yaxshi va salbiy jihatlari ham bo`lsa kerak?
— Yaxshi tomoni hamma bitta sohada ishlaydi, bir-birini tushunadi, suhbatlashish uchun mavzu, g`oyalar ko`p bo`ladi. Shu g`oyalarni jamlab, juda yaxshi natijalarga erishiladi. Yomon tomoni: mish-mishlar xalaqit beradi. Qilmagan ishlarimni “Shohruxxon falon ish qilibdi”, deya asossiz gap tarqatishadi, bundan ranjiyman, albatta.
— Sizga onangiz Zebo Navro`zovaning filmlarida suratga tushish osonroqmi yo boshqa rejissyorlarda?
— Suratga olish maydonchasida onam menga filmga taklif qilingan aktyor sifatida qaraydilar. Lekin onam bilan ishlash osonroq, erkinlik etarlicha-da. Masalan, “charchadim”, deya yotib olsam, “ha, mayli, aktyorimiz charchabdi, tanaffus e`lon qilamiz”, deydilar. O`g`illari ekanim yodlariga tushib qoladi (kuladi). Boshqa rejissyor bilan ishlash esa tajriba orttirishga imkon beradi.
— O`zingizni qaysi tarixiy qahramon rolida ko`ra olasiz?
— (O`ylanib) Majnun!
— Nega aynan Majnun?
— Bu yuragimning tanlovi.
— Aql bilan yurak to`qnashib qolganda yurak ustunlik qiladimi deyman?
— Ko`pincha ikkalasi murosa qilolmaydi. Aslida aql bilan ish qilish kerak, lekin yurak baribir o`z “so`z”ini aytadi. Oltin o`rtalikni topishga harakat qilyapman, biroq to`la uddasidan chiqolganimcha yo`q.
— O`tgan 2016 yilni sarhisob qildingizmi?
— Umr “sahifa”larimni varaqlaganda, alohida yodda qoladigan yil bo`ldi. Konsert dasturim muvaffaqiyatli o`tdi, oila qurdim, har bir kunim xursandchiliklarga boy bo`ldi.
— Yangi yilda oldingizga katta-katta rejalar qo`ygan bo`lsangiz, ajabmas...
— Shu vaqtgacha o`ylagan rejalarimga ortig`i bilan erishdim. Oilam tinch, ko`nglim xotirjam, ijodda o`zimni topa oldim. Lekin hozirgidan ko`proq ishlamoqchiman. Avvallari bir yilda zo`rg`a bitta qo`shiq yozardim. Hozir ilhom parilari shu qadar tinchlik bermayotganidan bir oyda to`rtta: “Yoningdaman”, “Parizod”, “Malikam”, “O`zbekiston” qo`shiqlarini yozdim. Hammasi o`zimga shu qadar yoqyaptiki, qaysi birini muxlislarga taqdim etishni bilolmay, hayronman.
— Nima sizni shu qadar ilhomlantiryapti?
— Ulg`aydim, shekilli. Dunyoqarashim kengaydi, ovoz “tembr”im o`zgardi. Fevralda bo`lib o`tadigan konsertimga ham doimgidan-da, o`zgacha shijoat bilan tayyorgarlik ko`ryapman.
— Shohruxxon milliy yo`nalishda ijod qilishni boshlasa-ya?
— Milliy yo`nalishga yaqin ikki-uchta qo`shiq yozdim. Tinglab ko`rganlar hayratlanishdi, o`zim ham hayratdaman (kuladi). Bora-bora milliy yo`nalishda ijod qilsam kerak...
Blis:
— Kechirimlimisiz?
— Juda jiddiy xatolarni ham kechirib yuboraman. Bu fe`lim ko`p pand beradi. Kechirimliligimni suiiste`mol qilaverishadi.
— Xonanda bo`lmaganingizda qaysi soha vakili bo`lardingiz?
— (O`ylanib) Fotograf, klipmeyker.
— Qaysi mavzuda suhbatlashish siz uchun maroqli?
— G`aroyibot haqida. Rosti, yaxshigina xayolparastman. Ko`pincha, suhbatdoshimning so`zini eshitayotgandek, soatlab yuziga qarab turib, aslida o`z dunyomda yurgan bo`laman.
— Shohruxxonga chetdan baho bering...
— Bir qarashda kalon dimog`. Aslida juda ajoyib odamman, buni so`z bilan tushuntirolmayman. Qandayligimni bilish uchun kun davomida men bilan birga yurish kerak (kuladi). Kutilmagan ishlar bilan atrofdagilarni hayratlantiraman.
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.
Fotomuxbir: Alisher XOLXO`JAEV