1

Buyuklar muhabbati

Mutolaa 09.01.2017, 16:46
Buyuklar muhabbati

“Nozli dildordan ayrildim...”

Maxtumquli turkiy xalqlar adabiyotida o`z ovozi, o`z uslubiga ega bo`lgan zabardast shoirlardan biri sanaladi. Manbalarga ko`ra, u 1733 yilda Kopetdog` tog`i etaklaridagi Qoraqal`a muzofotida, turkmanlarning go`klang qabilasida dunyoga keladi. Uning otasi Davlatmamat Ozodiy o`z davrining otashnafas shoirlaridan biri edi.

Maxtumquli yashagan davr Eron shohi Nodirshohning qonli yurishlari davriga to`g`ri keldi. Eronlik qizilboshlarning bosqinlari turkmanlarning ko`plab shahar va qasabalarini vayronaga ayldantirardi. Maxtumquli bolaligidan ana shunday mudhish, qirg`inbarot kunlarning shohidi bo`lib ulg`aydi.

Dastlab qishloq maktabida, keyinchalik Xiva va Buxorodagi madrasalarda tahsil olgan Maxtumquli diniy va dunyoviy ilmlarni puxta o`rgandi. Navoiy, Sa`diy, Rumiy singari buyuk mutafakkirlar ijodini puxta o`rganib, o`zi ham she`rlar bita boshladi. U o`z she`rlarida insoniylikni, mardlikni, axloqiy qadriyatlarni tarannum etdi.

         Har yigitning aslin bilay desangiz,

         Ma`rakada o`tirib-turishin ko`ring,

         Birov bilan oshno bo`lay desangiz,

         Avval va`dasinda turishin ko`ring, – deyiladi shoirning dilbar she`rlaridan birida.

Shoirning hayoti turli fojialarga, qismatning shafqatsiz sinovlariga boy bo`ldi. Bolaligida onasidan ajragan Maxtumquli keyinchalik ikki akasi Muhammadsafo hamda Abdulladan ajraldi. Afg`on mulkiga, Ahmadshoh Durroniy huzuriga yo`l olgan akalarining taqdiri qorong`iligicha qoldi. Opasi Xonmengli va ukasi Jonhasan ham noma`lum xastalikdan vafot etishdi.

Maxtumqulining boshiga tushgan bunday mahzun, alamli kunlar uning asarlari, mungli she`ru g`azallarida ham o`z aksini topgan.

Muhabbat bobida ham taqdir buyuk shoirni siylamadi. U o`n etti yoshida o`z qabilasidan bo`lgan Mengli ismli qizni sevib, unga atab ko`plab she`rlar bitgandi. Mengli o`zining husnu malohati, go`zalligi bilan beqiyos dovrug` qozongandi. Uning atrofida girdikapalak bo`lib yurgan yigitlar ko`p, biroq u faqat birgina yigitni, keng yag`rinli, qoraqosh, qorako`z, jingalak sochlari kulohining ostidan toshib turadigan o`spirin, yosh shoir Maxtumqulini yoqtirardi.

Tez orada ikki yoshning muhabbati shoirning otasi Ozodiyga ham etib boradi. Ota shoir emas, muhabbatni, pok insoniy tuyg`ularni tushunar, qadrlardi. Qizning ota-onasi ham el ichida o`z o`rni, obro`-e`tiboriga ega bo`lgan oila bilan quda bo`lishni orzu qilardi.

Qadimiy turkman an`analariga ko`ra, bo`yga etgan qizni ham, yigitni ham tez fursatda boshini qovushtirish zarur. Shu bois, Davlatmamat Ozodiy katta to`yu tomosha bilan o`g`lini sevgilisi Mengliga uylantiradi. Ikki yosh baxtiyor edi.

O`n ettidan o`tgan so`ng, shuhrat uyiga kirdim,

Oldim bir nozaninni, zavq ila safo surdim.

Ularning quvonchi eru osmonga sig`masdi. Ammo, zamon yomon edi. Bosqinchi qizilboshlarning hujum qilish ehtimoli har lahza xavf solib turardi.

Maxtumquli ish yuzasidan uzoq safarga otlanganda yurtni yog`iy bosdi. Qancha-qancha er yigitlar dushmanning tig`iga uchradi. Yov turkmanning ko`plab gul qizlari, kelinlarini asir qilib olib ketdi. Ular orasida Maxtumqulining sevikli yori Mengli ham bor edi.

Maxtumquli yorini izlab ko`p ellarni kezdi. Dard-alamlarini she`rga solib kuyladi. Menglining dardi g`amgin satrlarga ko`chib, she`riyat ixlosmandlarining qalbidan mangu joy oldi. Ammo, Menglidan nom-nishon yo`q edi.

Ayrim taxminlarga ko`ra, Menglini qizilboshlar olib ketmagan, balki otasi qizini Maxtumqulidan ko`ra boy, badavlat yigitga uzatib yuborgan. Biroq, boshqa olimlar bu taxminni rad etishadi. Negaki, Maxtumquli o`z qabilasiga, biroq boshqa oilaga kelin bo`lib tushgan sevgilisi, boshqa birovning hasmi haloli haqida bunday o`tli, armonli she`rlar bitmagan bo`lardi. Chunki, bunday holat turkmanlar hayotida uchramaydi.

Qo`ldan olding qarorimni,

Kelib sen nogahon firoq,

Opketdigng Mengli yorimni,

Solimyu dilga armon, firoq...

Maxtumquli qaerga bormasin, kimlar bilan ko`rishmasin, sevgi uning qalbidagi tuzalmas yara bo`lib qolaverdi. Bu yoqda esa, otaning umr karvoni so`ng manzilga etib borar, yolg`iz qolgan jigarbandi Maxtumqulining farzandlarini ko`rib o`lishni orzu qilardi. Shu bois, Maxtumquli boshqa bir ayolga uylanadi. Undan ikki farzand – Ibrohim va Sora tug`ildi.

Maxtumquli umri davomida dunyoning ko`plab o`lkalarini kezdi, o`qidi, izlandi, ijod qildi. O`zidan betakror asarlar qoldirdi. U 1783 yilda vafot etdi.

U tarixda benazir shoir, pok va buyuk qalb egasi, betakror muhabbat sohibi sifatida ham nom qoldirgan.

 

                                                        Rustam Jabborov tayyorladi.

 

 

        

         

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1