AsosiyJamiyat

Toshkentda Afg`oniston delegasiyasi bilan uchrashuvlar bo`lib o`tdi

O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 9 yanvar kuni Toshkentda Afg`oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Hikmat Xalil Karzay bilan uchrashdi.  Bu haqda O`zA xabar bermoqda

Muloqot chog`ida mamlakatlarimiz o`zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko`tarishdan manfaatdor ekani ta`kidlandi. Ikki tomonlama aloqalarning bugungi holati va istiqboli yuzasidan fikr almashildi. 

O`zbekiston Afg`onistondagi qurilish, energetika, tog`-kon sanoati va ta`lim sohalaridagi loyihalarda ishtirok etib kelmoqda. «O`zbekiston temir yo`llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Hayratondan Mozori Sharifgacha temir yo`l liniyasi qurilgan. Mamlakatimizning ko`magi bilan Afg`onistonda ko`priklar, yuqori voltli elektr liniyalari, optik tolali kabel liniyalari, suv ta`minoti tarmog`i barpo etilgan. Mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko`p. 

Uchrashuvdan so`ng O`zbekiston – Afg`oniston siyosiy maslahatlashuvlarining birinchi raundi bo`lib o`tdi. 

Tadbirda mamlakatlarimiz o`rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikasiyalari, madaniy-gumanitar kabi sohalardagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi. 

Afg`oniston delegasiyasi O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligida ham muzokara o`tkazdi.

    Boshqa yangiliklar