Kichkintoylar salomatligi borasida 4 savolga – javob

Salomatlik 10.01.2017, 10:10
Teglar: Salomatlik, Bola, SUGDIYONA
Kichkintoylar salomatligi borasida 4 savolga – javob

Farzand tarbiyalayotgan yosh onaning yonida ko`pni bilgan kattalar bo`lgani yaxshi. Ammo shunday holatlar bo`ladiki, ularga faqat mutaxassis-shifokor tavsiyasi kor keladi. Mushtariylardan kelayotgan savollarga umumiy amaliyot shifokori Yulduz KARIMJONOVA javob beradi.

 

«QIZIMDAN NOXUSh HID KELADI»

— Qizim 5 yoshda, gimnastika to`garagiga boradi. Lekin mashg`ulotdan qaytgach, qo`ltiq osti terlab, noxush hid taraladi. Tozalikka rioya qilamiz, har kuni cho`miltirib, ich kiyimini almashtiradi. Faqat paxtali matodan tikilgan liboslarni kiydiraman. Shunga qaramay, terlashi qolmayapti. Bu kasallik emasmi?

Sharofat ShOMANSUROVA, Farg`ona viloyati

— Ter bezlari faol bo`lgan odamlarda bu kabi holatlar bolaligidan kuzatilishi mumkin. Ya`ni, bolada kechayotgan ulg`ayish boshqalarga qaraganda kuchliroq namoyon bo`ladi. Ko`p terlash bola ko`p shirinlik eganida, suyaklariga kalsiy etishmaganida, adenoid yoki gaymoriti bo`lsa ham kuzatiladi. Maslahatim, qizingizni tor doiradagi shifokorlar ko`rigidan o`tkazing. Uy sharoitida bolani cho`miltirgach, qo`ltik ostini marvarak (shalfey) damlamasida arting. Bu damlamani nahorga va yotishdan oldin bir piyoladan ichish ham terlashni kamaytiradi.

 

«OYoG`I QIZIB KETVERADI»

— Ikki yoshli o`g`lim, oyoqlari qizib ketganidan poypog`ini echib, zax, sovuq joylarda yurgisi keladi. Buning sababini bilishni istardim.

Nodira XABIBULLAEVA, Toshkent shahri

— Bu holat yassioyoqlik, qon tomir kasalligi, qonda qand miqdori ko`tarilishi,  tor paypoq yoki poyabzal kiyish bilan bog`liq. Bolalar jarrrohi va ortoped ko`rigidan o`tib, qonning umumiy tahlilini topshiring. Muammo tomir kasalligida bo`lsa, oyoqlarni dam-badam issiq-sovuq suvda chayish muolajasi asqotadi. Vannacha ichiga bir siqim no`xat solib bolaning ustida yurg`izish ham ushbu muammodan tez va bezarar qutulishga yordam beradi.

 

«YIG`LASA, TOMIRI TOMIRLARI BO`RTIB ChIQADI»

— Farzandim bir yoshda. Yaqinda sochlarini oldik. Yig`laganida boshidagi tomirlar bo`rtib chiqadi. Ko`rib qo`rqib ketaman. Kimga murojaat qilsam bo`ladi?

Saodat OLIMOVA, Qarshi shahri

— Farzandingizdagi ushbu holat bosh ichki miya bosimi ko`tarilishining belgisi bo`lishi mumkin. Bunday bolalarning boshi og`riydi, uyqusi ham notinch bo`ladi.  Shifokor-nevrolog ko`tirigidan o`tib, davolanishni boshlang. Farzandingizning injiqlik qilishi, uyqusida bezovta bo`lishiga loqayd bo`lmang. Albatta, mutaxassis qabuliga boring.  

 

«ANTIBIOTIKLAR – QABZIYaTGA SABABMI?»

— Qizimning kichikligidan ichi qotadi, har kuni emas, kunora keladi. Chaqaloqligida stafilokokkli infeksiya aniqlanib, antibiotik ko`p olganmiz. Endi qabziyatdan qiynalayapti. Bular antibiotik preparatlar ta`siridan emasmi? Nima qilsa bo`ladi?

Omina HOJIEVA, Marg`ilon shahri

— Agar bolaning qorni og`rimasa, terisida mayda toshma bo`lmasa, ichi kelgan paytda qiynalmasa, bola zo`riqmasa, buning yomon tomoni yo`q. Ammo qabziyat 3 kundan ortiq davom etsa, albatta, shifokorga murojaat qiling. Uyda bolaning ko`proq suyuqlik ichishini ta`minlang, tuvakka bir xil vaqtda o`tkazing, bu odatga aylansin. Ovqatlanishda non va pishiriqlar, makaron, tuxum, guruch, kabi xamirli mahsulotlarni kamaytiring. Nahorga mayiz, o`rik qoqi damlamasi, yotishdan oldin yangi ivitilgan qatiq va albatta, olxo`ri mevasini edirish yaxshi natija beradi.

Barno HOJIMIRZAEVA tayyorladi. 

Sharhlar

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
FARZANDINGIZNI MAKTAB KASALLIKLARIDA ASRANG!

26.12.2017, 11:36

Uzoqni ko`ra olmaslik;skolioz (umurtqa pog`onasining qiyshayishi);gastrit;ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko`ra, har besh bolaning biri umurtqa pog`onasi muammolaridan qiynalsa, har...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1