O`zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov unga hukumat tomonidan Toshkentning Sergeli tumanida olib borilayotgan qurilish ishlarida jonbozlik ko`rsatish bo`yicha ko`rsatma berilgani haqidagi gap-so`zlarga izoh berdi. Xonanda bu haqda “Shov-shuv.uz” sayti muallifi Jasur Hamroevga bergan intervyusida aytib o`tdi, deb yozadi “Daryo”.
“Agar hukumatimiz oldimga qandaydir vazifa qo`ysa, uni askar misoli bajarishga harakat qilaman. Chunki bu men uchun faxr, sharaf. Lekin bularning bari yolg`on, bo`hton, tuhmat, mish-mish, uydirma gaplardir. Bu mish-mishlardagi gaplarga yaqinroq voqea ham bo`lmagan hatto. Lekin, yana qaytarib aytaman, topshiriq qo`yiladigan bo`lsa, qo`limdan kelgancha, kuchim etgancha Vatanga xizmat qilish — men uchun sharaf”,—deydi Ozodbek Nazarbekov.
Jasur Hamroev bunday mish-mishlar o`z-o`zidan paydo bo`lmasligini aytib, qo`shimcha savol bilan murojaat qilgan. Xonanda bu borada o`z taxminini bildirgan.
Shahrisabzda eski karvonsaroyni, hozirgi zamon tili bilan aytganda — mehmonxonani qayta ta`mirlab, anjomlar bilan ta`minlab, Maqom markaziga aylantirdik. Bu asosan sayyohlar uchun xizmat qiladigan, faqat jonli ijrodagi kuy-qo`shiqdan iborat bo`lmay, balki restoran sifatida faoliyat ko`rsatadigan bir muassasadir. Oqsaroy majmuasidagi qurilish ishlariga hissa qo`shganim — men uchun katta sharaf, o`zim uchun tarixiy voqea.
Avvalroq O`zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov 2017 yilda konsert bermasligi ma`lum qilingan va bu ham turli mish-mishlarga sabab bo`lgan edi.
Keyinroq Nazarbekov bu mish-mishlarni rad etib, apreldagi konsert kunlarini shaxsan o`zi hamkasbi, O`zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovagataklif qilganini bildirgan edi.