“Toshkent” teleradiokanalidagi “Poytaxt yo`llarida” ko`rsatuvi bugun, 19 yanvar kuni soat 21.00 da efirga uzatiladi. Ko`rsatuvning bu soni qoidabuzar piyodalarga nisbatan ko`rilayotgan qonuniy choralar haqida. Bu haqda “Toshkent” kanali ma`lumotlariga asoslanib, “Daryo” xabar bermoqda.
Yo`llardagi harakat xavfsizligini ta`minlashga xizmat qiluvchi qonun-qoidalarni pisand qilmagan harakat ishtirokchisiga nisbatan, piyoda yoki haydovchiligidan qat`iy nazar, o`rnatilgan tartibda chora ko`riladi. YHQga amal qilishni istamagan piyoda O`zRMJTKning 138-moddasiga asosan, ma`muriy javobgarlikka tortiladi. Ya`ni eng kam oylik ish haqining uchdan bir qismi miqdorida jarima to`lashga majbur bo`ladi. Qoidani buzgan piyoda yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjati yo`qligini bahona qilib jazodan qochib qolishi ko`zlashi mumkin. Lekin YPX xodimlariga bu fuqaroning shaxsini aniqlash ortiqcha qiyinchilik tug`dirmaydi. Shu hududdagi tuman IIBda fuqaroning shaxsi bir necha daqiqada aniqlandi. Shu hujjat asosida qoidabuzar piyodalar jarimaga tortildilar.
Piyodalar ishtirokida sodir bo`layotgan yo`l-transport hodisalari, ularni keltirib chiqarayotgan sabablar, yo`l-transport hodisalari natijasida guldek umrlari bevaqt hazon bo`layotgan insonlar haqida juda ko`p gapirilgan. Lekin shunday bo`lsada, bu mavzu hamon eng dolzarb muammolardan biri bo`lib qolmoqda. Negaki, hamon avtomobil yo`llarimizda piyodalar goh haydovchilarning, aksariyat o`zlarining ayblari bilan, ya`ni «Yo`l harakati qoidalari»ga rioya qilmasliklari, harakatlanish xavfsizligi talablarini qo`pol ravishda buzishlari oqibatida hayotdan ko`z yummoqdalar.
Harakat xavfsizligini ta`minlash, ko`pgina qoidabuzarliklarni cheklash, demakki harakat ishtirokchilarining jarimaga tortilishlari oldini olish maqsadida yo`l o`rtasiga o`rnatilgan panjaralar, ayrim fuqarolarning fikricha, piyodalar bilan bog`liq YTHga sabab bo`layotgan ekan. Ko`rsatuvimizga ham ana shu kabi fikrlarni bayon etuvchi murojaatlar bo`lganligi sababli biz ijodiy guruhimiz bilan kuzatuv olib borishni lozim topdik. Ilk taassurot bo`yicha fikr yuritadigan bo`lsak, haqiqatan ham yo`lni kesib o`tishga shaylanib turgan piyoda to`siq ortida ko`rinmaydi. Demak, avtomobil boshqarib kelayotgan haydovchi ilk nazarda piyodalar o`tish joyida odam borligini ilg`amasligi mumkin. Lekin mana bu chiziqlar va yo`l belgisi bu joy piyodalar yo`lni xavfsiz kesib o`tishlari uchun maxsus barpo etilganligini ko`rsatadi.
Haydovchi tartibga solinmagan piyodalar o`tish joyiga kelganda, u erda odam bor-yo`qligidan qat`iy nazar, tezlikni kamaytirishi shart. Agarda o`tish joyida piyoda ko`rinsa, albatta to`xtab piyodani o`tkazib yuborishi kerak. Mana shu kabi vaziyatlar ko`pincha haydovchi va YP inspektori o`rtasida munozaraga sabab bo`lardi. Chunki avvalgi YHQda haydovchi yo`lni kesib o`tayotgan piyodalarga yo`l berishi shart deb yozib qo`yilgandi. Shu sababdan ham tartibga solinmagan piyodalar o`tish joyida ko`chani kesib o`tishga shaylanib turgan birgina insonga yo`l berish ulovlarida manzillariga shoshilib ketayotgan haydovchilarga malol kelardi. 2016 yil 1 martdan kuchga kirgan yangi YHQning aynan shu bandiga o`zgartirish kiritilib, yo`lni kesib o`tayotgan piyoda va piyodalar deb alohida ko`rsatib qo`yildi.
Lekin ayrim piyodalar maxsus o`tish joylari ajratilgan bo`lishiga qaramasdan aynan mana shu panjaralar ustida oshib o`tishni ko`zlaydilar. Piyodalar bu harakatlari bilan YXKni buzayotganliklarini, haydovchilarga noqulayliklar tug`dirayotganliklarini, o`z hayotlarini jiddiy xavf ostida qoldirayotganliklarini o`ylab ham ko`rishmaydi. Ularni tartibga chaqirsangiz sizdan achchiqlanib, xafa ham bo`lishadi.
YTHga ko`proq kim sababchi, piyodami yoki haydovchi? Har birimiz hech bo`lmasa bir martagina bo`lsa ham shu savolni o`zimizga berganimiz aniq. Agarda biz ko`pchilikni tashkil qiluvchi piyodalar safida bo`lsak, albatta, mushohadamiz piyodalar foydasi bilan yakunlangan. Aniq faktlarga murojaat qiladigan bo`lsak, YTHlar sodir bo`lishiga sabab-omillar orasida haydovchilarning bir qator qoidabuzarliklari bilan birga YHQini umuman o`ziga aloqasi yo`q deb hisoblaydigan piyodalar ham o`zlariga yarasha o`rinni egallab turibdilar.
Bu kabi holatlarni namoyish etishni davom ettirish mumkin-u, lekin biz xohlamasdik. Sababi yoqimsiz illatlardan ko`ra ko`z quvonar xislatlar haqida gapirish maroqliroq. Yuqorida sanab o`tilgan xavfli piyodalarga qarshi kurashishning ham foydasi kamroq. Toki o`zlari xatolarini tushunib etmagunlaricha. Shu o`rinda YHQga murojaat qilishni lozim topdik. YHQ 5-bandida piyodalarning burch va vazifalari aniq qilib belgilab qo`yilgan. Lekin afsuski, bu qoidalarni ham piyodalar emas, balki yo`llarda xavf-xatarsiz harakatlanishni istagan, ko`zlagan manziliga kutilmagan va albatta ko`ngilsiz hodisalarsiz etib olishni ko`zlagan haydovchilar o`qib, yaxshilab o`rganib olganlar.