AsosiySport

O`zbekiston termasining BAAdagi yig`iniga jalb etilgan tarkibda o`zgarish yuz berdi

O`zbekiston milliy terma jamoasi JCh–2018 turniriga uchinchi saralash bosqichi ikkinchi davrasiga tayyorgarlik ko`rish maqsadida 21–24 yanvar kunlari BAAda qisqa muddatli yig`in o`tkazadi.

Avvalroq BAAdagi yig`inda ishtirok etadigan futbolchilar tarkibi ma`lum qilingandi. Yig`inga taklif qilingan Temurxo`ja Abduholiqov Qatarning “Al-Sayliya” klubi bilan, Server Jeparov esa Eronning “Istiqlol” jamoasi bilan shartnoma imzolab, legioner futbolchilarga aylandi. Bo`lajak yig`in FIFA kunlariga to`g`ri kelmaganligi uchun legioner futbolchilar BAAdagi o`quv-mashg`ulotlariga taklif etilmaydi.

O`FF matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, Terma jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayan Abduxoliqov va Jeparov o`rniga Doston Hamdamov (“Bunyodkor”) va Vladimir Kozakni (“Paxtakor”) taklif qildi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston terma jamoasi yig`in doirasida 22 yanvar kuni Daniya U-23 termasiga qarshi, 23 yanvar kuni esa Gruziya terma jamoasiga qarshi o`rtoqlik o`yinlarini o`tkazadi.

“Nasaf” jamoasi OChL–2017 o`tish bosqichida Bahraynning “Al-Hidd” klubiga qarshi 31 yanvar kuni bahs olib borishi va unga tayyorgarlik ko`rishi sababli qarshiliklar tarkibidan yig`inga futbolchilar jalb etilmadi.

Ma`lumot uchun, O`zbekiston terma jamoasi JCh–2018 turniriga saralash boschiqi “A” guruhi 5-turidan keyin 9 ochko bilan uchinchi o`rinda bormoqda. Eron 11 ochko bilan birinchi, Janubiy Koreya 10 ochko bilan ikkinchi pog`onada bormoqda. 

    Boshqa yangiliklar