Toshkentdagi International Hotel Tashkent mehmonxonasida start olgan 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta yo`nalishlari bo`yicha Harakatlar strategiyasi loyihasining jamoatchilik muhokamasiga bag`ishlangan media-haftalik tadbirlari davom etmoqda.
Media-haftalikning ochilish marosimi kecha, 23 yanvar kuni bo`lib o`tgan edi.
Tadbirlarda ommaviy axborot vositalari xodimlari, O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirok etmoqda.
Bugun International Hotel Tashkent mehmonxonasining billur zalida “Qonun ustuvorligini ta`minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo`nalishlari” mavzuidagi ikkinchi yo`nalish taqdimoti bo`lib o`tadi.
Mazkur taqdimot marosimida O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirining o`rinbosari Nodir Jo`raev, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo`mitasi raisi Botir Matmuratov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Akmal Burxonov, Nodirjon Muxtorov, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Esemurat Kanyazov, O`zbekiston advokatlar palatasi raisi Ravshan Ahmedov, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalikka nomzodlarni tanlash va tavsiya qilish bo`yicha komissiya vakili Abduhamid Komilov, Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari o`rinbosari Umid Muhammedov, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Xolmo`min Yodgorovlar nutq so`zlaydi.