1

Samvel Babayan: Yig`indagi asosiy e`tibor Gruziya bilan o`yinga qaratilgan edi

Sport 24.01.2017, 11:05
Samvel Babayan: Yig`indagi asosiy e`tibor Gruziya bilan o`yinga qaratilgan edi

O`zbekiston milliy terma jamoasi JCh–2018 saralash bosqichi ikkinchi davrasiga tayyorgarlik ko`rish maqsadida BAAning Dubay shahrida 21–24 yanvar kunlari o`quv-mashg`ulotlar yig`inini o`tkazdi.

Yig`in doirasida Samvel Babayan shogirdlari ikkita o`rtoqlik o`yinini o`tkazdi. Yoshartirilgan tarkibda harakat qilgan O`zbekiston terma jamoasi Daniya U-23 termasiga qarshi bahs olib borib, 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Ikkinchi o`yinda esa terma jamoa Gruziya bilan 2:2 hisobida durang o`ynadi.

O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan BAAdagi yig`indan ko`zlangan maqsad, o`tkazligan o`yinlar va bo`lajak rejalar borasida o`z fikrlarini bildirib o`tdi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati xabar bermoqda.

“JCh–2018 saralash bosqichi 2-davrasidan o`rin olgan Suriyaga qarshi o`yin oldidan BAAda o`tkazilgan o`quv-mashg`ulotlar yig`inidan ko`nglim to`ldi. Yig`in doirasida o`tkazilgan har ikki o`yinda o`zimiz uchun kerakli xulosalar chiqarib oldik. Daniya U-23 termasiga qarshi o`yinda tajribaviy tarkibni maydonga tushirdik. Gruziya bilan bahsda esa yig`inga chaqirilgan asosiy futbolchilar harakat qildi. Yig`in qisqa muddatli va FIFA kunlariga to`g`ri kelmaganligi bois legioner futbolchilarni taklif qila olmadik va terma jamoa asosini “Lokomotiv”, “Paxtakor”, “Bunyodkor” va “Buxoro” futbolchilari tashkil etdi. “Nasaf” OChL–2017 o`tish bosqichiga tayyorgarlik ko`rayotgani uchun klub futbolchilari yig`inga taklif etilmadi.

Barcha futbolchilar maydonda bor kuchini berib, terma jamoaning modeliga asosan harakat qildi. Milliy termaning asosiy tarkibida tushadigan futbolchilar o`yinidan qoniqish hosil qildim. O`tkazilgan har ikki o`rtoqlik o`yinida Vitaliy Denisov, Anzur Ismoilov va Egor Krimesning yo`qligi bilindi va buning natijasida jami 4 ta gol o`tkazib yubordik. Shulardan ikkitasini standart vaziyatdan urildi. Xatolar ustida ishlab, ularni tahlil qilishimiz va keyingi o`yinlarga qadar bu muammolarni bartaraf qilishimiz lozim.

Yig`inda asosiy e`tibor Gruziyaga qarshi o`yinga qaratilgan edi. Himoyada yo`l qo`yilgan xatolarga qaramay, o`yin davomida ustunlik biz tomonda bo`ldi. Hujum chizig`ida ham muammolar yuzaga keldi. Yaratilgan vaziyatlardan to`liq foydalanilmadi va buning ustida ham ishlashimiz kerak. O`yindagi ustunlikni urilgan gollar bilan namoyish qilishimiz lozim edi. Ammo o`z darvozamizdan ketma-ket ikkita gol o`tkazib, qiyin ahvolga tushib qoldik. Lekin futbolchilar o`ziga bo`lgan ishonchni yo`qotmadi va to`p nazoratini o`z qo`liga olib, hisobni tenglashtirdi. Umuman olganda, o`yindan ko`nglim to`ldi”, – dedi Babayan.

Samvel Babayan, shuningdek, terma jamoaning bo`lajak rejalari haqida so`zlab berdi.

“Shu yilning 9–12 fevral kunlari Turkiyada yig`in o`tkazish rejalashtirilgan. “Lokomotiv” va “Paxtakor” navbatdagi o`quv-mashg`ulotlar yig`inini Turkiyada o`tkazishi va terma jamoa asosini aynan mana shu klub futbolchilari tashkil etishini inobatga olib, mamlakat termasining yig`ini ham o`sha erda bo`lib o`tadi. “Nasaf” 31 yanvar kuni o`tish bosqichida ishtirok etib, pley-off bosqichiga yo`l olsa, 7 fevral kuni safarda o`yin o`tkazadi. “Bunyodkor” ham 7 fevral kuni Qatarning “Al-Jaish” klubi bilan guruh bosqichi yo`llanmasi uchun kurashadi. Shundan so`ng ushbu klublarning bir necha vakillari ham terma jamoa yig`iniga qo`shiladi. Turkiyadagi yig`inda ikkita nazorat o`yini o`tkazishni rejalashtirganmiz. 12 fevral kuni Rossiya Premer-ligasi klublaridan biriga qarshi o`yin bo`ladi. Yana bir nazorat o`yini borasida tashkilotchilar muzokaralar olib bormoqda. Shu o`rinda, terma jamoa yig`inlarini tashkil qilishda yaqindan yordam bergan O`FF rahbariyatiga o`z minnatdorchiligimni izhor qilmoqchiman”, – dedi O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi.

Eslatib o`tamiz, JCh–2018 saralash bosqichi “A” guruhi 5-turidan keyin O`zbekiston terma jamoasi 9 ochko bilan uchinchi o`rinda bormoqda. Eron 11 ochko bilan birinchi, Janubiy Koreya esa 10 ochko bilan ikkinchi pog`onada bormoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1