1

Baxtiyor Boboev yoshlarga ishonishda davom etadi

Sport 25.01.2017, 08:33
Baxtiyor Boboev yoshlarga ishonishda davom etadi

Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi 7-21 yanvar kunlari BAAning Sharja shahrija yig`in tashkil etdi. Safardan qaytilgach klubning bosh direktori Baxtiyor Boboevning ushbu yig`in haqidagi fikrlari bilan qiziqdik, deb yozadi “Bunyodkor” matbuot xizmati.

- BAA yig`inining tashkiliy jarayonidan qoniqdingizmi?
- Bizning delegasiya Sharja shahridagi “Radisson blue” mehmonxonasida istiqomat qildi. Hammasi yuqori saviyada bo`ldi: yashash va ovqatlanish uchun yaratilgan sharoitlar, mashg`ulot maydonlari va nazorat uchrashuvlari bizga ma`qul keldi.

- Mashg`ulotlar davomida avvaldan rejalashtirilgan ish hajmi to`liq bajarildimi?
- Umumiy hisobda ha. Asosiy e`tibor oldimizda turgan uzun mavsumni yuqori saviyada o`tkazishga etadigan funksional baza yaratish va chiziqlar orasidagi bog`liqlikni mustahkamlashga qaratilgan edi. Chunki joriy yildagi ilk rasmiy uchrashuvimiz – Chempionlar ligasi “pley-off” uchrashuviga hech qancha vaqt qolmadi.

- Nazorat-sinov uchrashuvlaridagi asosiy e`tibor nimalarga qaratildi?
- Sparring raqiblarimizning kuchi va mahoratiga qarab tarkibimizdagi barcha futbolchiga imkoniyat berishga harakat qildik. Masalan, Afrika millatlaro kubogi turniriga tayyorgarlik olib borgan Gana milliy terma jamoasi va Shotlandiya chempionatida 3-o`rinni egallab turgan “Aberdin” klubiga qarshi o`yinlar futbolchilarimiz uchun yaxshigina maktab bo`lib xizmat qiladi. Qayd etish kerakki, bu ikki jamoa funksional va boshqa ko`plab jihatlar bo`yicha bizdan ustun edi. Shu boisdan ham yakuni natija biz uchun muhim emas edi. Shuningdek, Osiyo jamoalariga qarshi kechgan boshqa nazorat uchrashuvlarimizda ham natijaga e`tibor qaratmadik. Eng asosiysi, jamoamizning OChL “pley-off” uchrashuviga munosib tayyorgarligi.

- Jamoaning qaysi chizig`i Sizni xavotirga solmoqda?
- Bu – futbol! Unda har narsa bo`lishi mumkin. Aytaylik, kimdur jarohat olsa yoki kasal bo`lib qolsa tarkibda o`zgarish qilish va shakllantirilayotgan o`yin chizmasini almashtirish kerak bo`ladi. Shularni inobatga olgan holda turli uslublarni qo`llab ko`rdik. Ba`zi futbolchilar turli chiziqlarda sinab ko`rildi. Raxbariyat doimo jamoaning o`yinini kuchaytirishni istaydi. Shunday ekan, har bir chiziq bo`yicha ishlash kerak.

- “Bunyodkor”ning yangi vakillari, jumladan legionerlar haqida qanday fikrdasiz?
- Avvalo, jamoaning muhiti va o`yin uslubiga moslashish uchun ma`lum vaqt talab etiladi. Dushan Michich yarim himoyachi sifatida ham, markaziy himoyachi ampluasida ham yomon harakat qilgani yo`q. Vadim Chemirtan esa birinchi uchrashuvidayoq gol urdi. Oldingi chiziqda harakat qilgan Javohir Esonqulov ham yaxshi taassurot qoldirdi. Shuningdek, Shahzodbek Nurmatov va Eldor Shomurodov ham gollar urishdi. Shunday ekan, hujum chizig`ida o`ziga xos sog`lom raqobat kutilmoqda.

Yosh darvozabon Dilshod Xamroevning hatti-harakatlari ham yoqdi. U darvozada kerakli pozisiyani tanlashda, havodagi to`plarga sakrashda, oyoqlari bilan to`p tepishda va standart vaziyatlarida to`pga chiqishda yaxshi o`ynay olishini amalda ko`rsatdi. Umuman olganda, futbol maktabimizda tarbiya topayotgan yoshlarga ishonishda davom etamiz. Yoshlar ham ishonchni oqlashga harakat qilishmoqda. Shunday ekan, klub yoshlar bilan ishlashda to`g`ri yo`lni tanlagan.

- Keyingi rejalar qanday?

- Ushbu haftada o`z qarorgohimizda shug`ullanamiz. Navoiyning “Qizilqum” klubi bilan nazorat uchrashuvi o`tkazamiz. Dushanba kuni esa jamoa yana BAAga yo`l oladi. “Al-Jaish” klubi bilan bo`ladigan bahsga qaratilgan tayyorgarlikning so`ngi bosqichi Abu-Dabi shahrida olib boriladi. 5 fevral kuni Qatarga uchamiz va 7 fevralda Doha shahrida “pley-off” uchrashuvini o`tkazamiz. Yaxshi tayyorgarlik olib borib, uchrashuvni yuqori saviyada o`tkazishga va shu orqali muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1