1

Milliy olimpiya qo`mitasida O`zbekiston ot sporti federasiyasining hisobot-saylov konferensiyasi bo`lib o`tdi

Sport 25.01.2017, 09:17
Milliy olimpiya qo`mitasida O`zbekiston ot sporti federasiyasining hisobot-saylov konferensiyasi bo`lib o`tdi

Konferensiyani Milliy olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov olib bordi. Unda dastlab qilingan ishlar yuzasidan federasiya Ijroiya qo`mitasi hamda taftish komissiyasining 2013-2016 yillar uchun hisobotlari tinglandi.

Konferensiyada tashkiliy masala ham ko`rib chiqildi va O`zbekiston ot sporti federasiyasi raisi etib O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi Kengashi raisi Qudratilla Rafikov bir ovozdan saylandi.

Shuningdek, federasiya Bosh kotibi lavozimiga Eldar Anarboev, rais o`rinbosari lavozimlariga esa Avaz Karimov, Feruz Abdullaev, Avaz Ismoilovlar saylanishdi. Shu bilan birga, taftish komissiya hamda Ijroiya qo`mitasi a`zolarining yangi tarkibi ham tasdiqlandi.

So`nggi yillar davomida federasiyaga rahbarlik qilib kelgan Rifkat Migmanovga qilingan ishlar uchun Milliy olimpiya qo`mitasi nomidan minnatdorchilik izhor etildi va Rifkat Taufikovich ham federasiya Ijroiya qo`mitasi a`zoligiga saylandi.

Konferensiyada O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi raisi Alisher Sultanov so`zga chiqib, ot sporti federasiyasi oldida turgan asosiy vazifalar, ushbu sport turini mamlakatimizda yanada rivojlantirish choralari hususida to`xtalib o`tdi.

Jumladan, mahalliy hokimliklarini ushbu sport turini ommalashtirish bo`yicha mas`uliyatini oshirish, mavjud sport bazalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda bino va inshootlarni kapital ta`mirlash va rekonstruksiya qilish, federasiyaning hududiy bo`limlarini tashkil etish va homiylarni biriktirish, ommaviy sport tadbirlarini ko`proq tashkil etish va o`tkazish, respublika musobaqalarida viloyat terma jamoalari sportchilari ishtirokini ta`minlash, xalqaro ot sporti Federasiyasi bilan hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish va mamlakatimiz ot sporti federasiyasi vakillaridan Osiyo va Xalqaro ot sporti Federasiyasi rahbariyati tarkibiga kiritish choralarini ko`rish, yurtimizda ko`plab xalqaro musobaqalarni o`tkazish, mazkur musobaqalarga yuqori malakali murabbiylarni maslahatchi murabbiy sifatida jalb qilish, milliy kadrlardan xalqaro toifadagi hakamlarni tayyorlashga e`tibor berish, shuningdek mazkur sport turi rivojlangan xorijiy davlatlar bilan tajriba almashish ishlarini yo`lga qo`yishga alohida urg`u berib o`tdi.

Ko`rinib turibdiki, O`zbekiston ot sporti federasiyasida qilinadigan ishlar talaygina, shu munosabat bilan O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi federasiyaning yangi raisi Qudratilla Mirsagatovich Rafikovga mashaqatli va sharafli ishlarni amalga oshirishiga katta ishonch bildirib, bu ishlarda unga ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1