Jonni Deppning moliyaviy masalalari bilan shug`ullanuvchi Management Group kompaniyasi aktyorga qarshi da`vo arizasi kiritdi, deb xabar berdi “Ntv.ru” nashri.
Depp shartnomani buzganlikda, firibgarlikda, pulni behuda sovurganlikda ayblanmoqda. Jonni Deppning Management Group kompaniyasidagi menejerlari Los-Anjedes sudiga da`vo arizasi bilan murojaat qilib, aktyordan 560 ming dollar jarima undirishni so`radi. Kompaniyadagilar aktyor moliyaviy muammolariga o`zi javob berishini ma`lum qilishdi. Da`vo arizasida ular xudbin, mas`uliyatsiz Jonni Depp har oyda ikki million dollar pulni behudaga sovurishini bildirishdi.
Management Group kompaniyasining ma`lum qilishicha, Depp 75 million dollarga 14 ta uy va Bagama orolidan bir qancha orollarni sotib olgan. Shu bilan birga aktyor o`n million dollarga yaqin mablag`ni yaxtaga, san`at asarlariga, zargarlik taqinchoqlariga va gitara kolleksiyasi, spirtli ichimliklar va tansoqchilarga sarflagan. Bir necha million dollar esa “Las-Vegasning qo`rquvi va nafrati” nomli filmda Jonni Depp ijro etgan jurnalist Xanter Tompsonning xoki solib otiladigan maxsus to`p (pushka) uchun ishlatilgan.
Ilgari Jonni Depp o`zining menejerlarini 28 million dollar pulini o`zlashtirganlikda ayblagan edi. U kompaniyadan 25 million dollar tovon puli to`lashni talab qilgandi.






