1

“CETORA*TANHO” guruhi: “Xato qilmasak, tajribaga ega bo`lmasdik”

Shou-biznes 08.02.2017, 14:27
Teglar: Xonanda, Shou-biznes
“CETORA*TANHO” guruhi: “Xato qilmasak, tajribaga ega bo`lmasdik”

Avvaliga ijodni deb oilasini qurbon qilgan, so`ng aksincha yo`l tutgan afsonaviy sobiq “Setora” guruhi vakillari Laylo Galieva va Kamilla Xo`jaeva oshxonada “ijod” qilishda uncha-buncha uy bekalarini dog`da qoldiradi, degan o`yda, ularni “Palete” restoraga taklif qildik. Oshpaz Firdavs Mirg`anizoda Laylo va Kamilla tayyorlagan salatni munosib baho baholadi. Fursatdan unumli foydalangan holda guruh vakillarini suhbatga ham tortdik...

— Bor e`tiborini oilaga qaratgan “Setora*tanho” guruhi vakillari mohir oshpaz bo`lib qolishgandir?

Kamilla Xodjaeva: — Albatta! Eng totli taom – shubhasiz uyda o`z qo`lingiz bilan pishirganingiz-ku! Shohona taomlarni albatta, dam olish kunlari tayyorlayman. Oshxonada ham chaqqongina bo`lib, hamma ishga ulgurishga intilaman. Boisi hali hayotda erishishim kerak bo`lgan cho`qqilar talaygina.

Laylo Galieva: — Taom tayyorlashni yaxshi ko`raman, deyolmayman. Rosti, kamdan-kam vaqtlarda ovqat pishiraman. Lekin o`g`lim tayyorlagan taomimni o`zgacha ishtaha bilan eydi, bu men uchun eng katta e`tirof. Turli hind ziravorlarini qo`shib, ekzotik taomlarni pishirishni yaxshi ko`raman. Oramizda eng pazandasi Feruza. Uning tayyorlagan taomlarini emabsiz, bu dunyoga kelmabsiz.

— San`atni deb shaxsiy hayotdan kechganingiz, o`g`lingizga etarlicha vaqt ajratmaganingizdan bugun afsuslanmaysizmi?

K.X.: — Hammamizdan ko`proq Feruzaga qiyin bo`lgandi. Son-sanog`i yo`q konsertlarda ishtirok etish uchun ikki haftalik chaqaloqni tashlab, gastrolga ketish, bu — haqiqiy qurbonlik edi. Uchovimizning oramizdan menga engilroq bo`lgan. Ona suti bilan katta bo`layotgan olti oylik o`g`limni o`zim bilan olib yurganimda, Feruza bilan Layloga qanchalik qiyin bo`lganini tushunganman. Chet eldagi 4 yillik o`qishim sabab o`g`limdan uzoqda yashashga bazo`r chidagandim. Musofirchilikda oila hamma narsadan ustun ekanini to`la anglab etdim.

L.G.: — Menga qiyin bo`lgan tarafi — konsertdagi tanaffuslar orasida hali chaqaloq bo`lgan o`g`limning qornini to`ydirardim. Guruhimiz tarqalgach, farzandimizga vaqt ajratishga to`la imkonimiz bo`lgan. Hozir Feruzaga havasimiz kelyapti. Ikkinchi bor onalik baxtiga erishib, uning lazzatini endi to`la his qilyapti. Ilk bor ona bo`lganimizda, uchalamiz ham yosh bo`lganmiz-da, gashtini tushunmaganmiz.

— Nahotki o`sha damda san`atdan voz kechish fikri tug`ilmagan?

K.X.: — Aslo! Biz o`ta mas`uliyatli edik! Muxlislar bizning chiroyimizni emas, san`at uchun borimizni berganimiz sababli shu qadar yaxshi ko`rishadi.

L.G.: — Maqsadimiz — pul ishlab olish ham bo`lmagan. "Yulduzlik kasali"ga berilib, “Falon qishloqqa borish bizga to`g`ri kelmaydi”, demaganmiz, respublikamizning chekka-chekka qishloqlarigacha borib, muxlislar bilan yuzma-yuz uchrashardik.

— Shaxsiy hayotda va san`atda yo`l qo`ygan xatolaringizni bugun anglasangiz kerak?

L.G.: — Turmushga chiqish, bu – qizbola uchun katta mas`uliyat. Ayol kishi sabrli bo`lishi kerak ekan. Qolaversa, erkakka nisbatan ayol ko`proq kechirimli bo`ladi. Er-xotin o`rtasida o`zaro hamjihatlik bo`lishi lozim. Yoshlik vaqtida esa hamma o`z haqiqati uchun kurashar ekan.

K.X.: — Ijodga kelsak, vaqtimiz tig`izligi bois qandaydir loyihalarda ishtirok etolmaganimiz, bu – xatoimiz edi. Masalan, Buxorodagi gas­trolimiz sabab “Tohir va Zuhra” musiqali filmida suratga tusholmaganimizdan afsuslanamiz. “Tarona rekords” kompaniyasi bilan hamkorlikni to`xtatganimiz esa xato emas, tajriba edi. Ochig`i, ijodni deb har gal oilamizni chetga surib qo`yishdan charchagandik. Avvallari hamkasblarimizni raqobatchidek qabul qilgan bo`lsak, hozir tinib-tinchimas hamkasbimiz, deya qaraymiz. Ularning yaxshi yo yomon ijod qilayotganini muhokama qilish ham bizning ishimiz emas, buni muxlislar hal qiladi. Xato qilmasak, tajribaga ega bo`lmasdik.

— Hozirgi aqlingiz bo`l­ganida san`atdan voz kecharmidingiz yoki yana oiladan?

L.G.: — Bu juda qiyin savol, yana shunday tanlovga duch kelishni istamasdik. Ilohim taqdir bizga avvalgidek sinovlarni ravo ko`rmasin. O`g`limni o`ylab, “Mening yurtim” telekanalidagi “Yulduzlar sirkda” loyihasining ikkinchi faslida ishtirok etishdan bosh tortdim. Fikrimdan qaytarishga urinishdi, lekin tavakkal qilib, asabim, sog`ligim, vaqtimni behuda sarf qilgim kelmadi.

K.X.: — Gastrollar ham kutib turadi, san`atni deb qaytarib bo`lmas onlarni o`tkazib yuborishni istamaymiz.

— Shaxsiy hayotingizni xuddi Feruza Latipova singari yangidan yo`lga qo`yish, yana farzandli bo`lish istagi yo`q emasdir?

K.X.: — Albatta! Sobiq turmush o`rtog`im – xonanda Ilhom Yulchiev bilan o`g`lim o`zini baxtli his etishi uchun ajoyib ota-ona bo`la olyapmiz. Ilhom tengi yo`q ota! Uni ijodkor sifatida ham hurmat qilaman, kerak bo`lsa, qo`limdan kelgan yordamimni ayamayman. Lekin shaxsiy hayot borasida o`z yo`llarimizni tanlab bo`lganmiz. Shaxsiy hayotimni qaytadan boshlash istagim bor, albatta.

L.G.: — Bilasizmi, shaxsiy hayot borasida irimchimiz. Fransuzlarda “Baxt sukunatni yaxshi ko`radi”, degan maqol bor, shunga amal qilishni o`rgandik. Qisqasi, san`atkor sifatida shaxsiy hayotimizni ko`z-ko`z qilishni emas, oddiy ayollik baxtini his qilishni xohlaymiz.

— Bilishimcha, guruhni yuqori cho`qqilarga olib chiqqan “xit” qo`shiqlar g`oyasi sizlarga tegishli bo`lgan. Hozir tajribangiz ham etarli, uchovingiz ham deyarli birgasiz, lekin “xit”lar yo`q. Balki sizlarga prodyuser kerakdir?

L.G.: — Gap prodyuserda emas, rosti kimgadir tobe bo`lib ishlashni istamaymiz. Lekin o`zaro manfaatli hamkorlikdan bosh tortmaymiz. Muxlislarga avvalgidek quvonch bag`ishlash uchun uchovimiz yana birga yig`ilib, ish boshladik. Tajribamiz etarli, bizga vaqt beringlar, ishonchingizni oqlaymiz. Yaqinda “Rahmonim” nomli yurtiga qaytolmayotgan musofirlar haqida qo`shiq yozdik. Klip suratga olish haqida ham o`ylab qo`ydik. Lekin “xit” qo`shiqlar orqali reyting uchun emas, ko`ngil amri bilan ijod qilmoqchimiz. Yurakdan chiqqan qo`shiqlarimiz avvalgidek yurakka etib borishiga ishonamiz.

— “Qaytar eshigingni qattiq yopma”, deb bejiz aytishmagan. "Tarona rekords" kompaniyasi qayta hamkorlikni taklif qilsa...

L.G.: — Xatolarni tushunib, dilxiralik­larni ortda qoldirish eng to`g`ri tanlov. Konsertimiz borasida ulardan boshqa hamkor bilan ishlashni istamaymiz. “Tarona rekords”da o`z ishining ustalari ishlaydi! Ularga hurmatimiz beqiyos, munosabatlarimiz yaxshi. “Tarona rekords” avval ham birinchi raqamli kompaniya bo`lgan, hozir ham shunday.

— Sir bo`lmasa, hozir daromadingiz nimadan?

L.G.: — Leyli taxallusi bilan ishlab, pul topganman.

K.X.: — Chet elda o`qiganim bois fransuz, nemis, rus va o`zbek tillarini bilaman, xorijda bolalar uchun chet tillariga ixtisoslashtirilgan o`quv lagerini boshqaradigan kompaniya ochganman, daromadim shundan.

— “Setora*tanho” o`zining yakkaxon konsertini taqdim etishiga nima xalaqit beryapti?

K.X.: — Birgina sabab Feruzaning onalik baxti “ummon”idan olib chiqishni istamaymiz.

L.G.: — “Setora*tanho” guruhi hozir xuddi jonlantirish bo`limidan chiqqan bemordek. Shu bois muxlislar kamnamoligimizni to`g`ri qabul qilishlarini so`rardik. “Setora*tanho” guruhi konsert berdi”, degan e`tirof uchun emas, haqiqiy professional darajadagi konsert dasturini taqdim etishni istaymiz.

— Ta`kidlaganingizdek, professional darajadagi konsertingizni kutib qolamiz!

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.
Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV

Sharhlar

Mashhur xonanda 61 yoshida vafot etdi

10.12.2019, 20:06

 Taniqli shved guruhi — «Roxette» solisti Mari Fredriksson 61 yoshida vafot etdi. Bu haqda Shvesiya OAVlariga asoslanib xabar berildi.Dagens Nyheter nashrining yozishicha, xonanda uzoq yillar davomida saraton xastaligiga...
Zoxirshoh Jo`raev Botir Qodirov uning akasi ekani haqidagi mish-mishlarga nuqta qo`ydi

06.11.2019, 12:06

Zoxirshoh Jo`raev "Milliy" telekanalining "Nishondasiz" ko`rsatuvida ishtirok etib, oilaviy mish-mishlarga nuqta qo`ydi...Ko`rsatuv davomida boshlovchi Zoxirshohdan Botir Qodirov Sherali Jo`raevning farzandi ekani haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritishini...
​SITORA ALIMJONOVA ShAXSIY HAYoTINI MUHOKAMA QILGANLARGA MINNATDORChILIK BILDIRDI

14.08.2017, 12:34

Aktrisa Sitora Alimjonova 8 avgust kuni turmushga chiqdi. Uning to`yi Tailandning Pxuket orolida bo`lib o`tdi.Sitora o`z intervyularida turmush o`rtog`ining 27 yoshda ekanligini va u tadbirkorlik...
​ FARRUH ZOKIROVDAN TANQID EShITGAN VA TOHIR SODIQOV DUET KUYLAShDAN BOSh TORTGAN UMIDAXON

11.08.2017, 16:04

"Darakchi" gazetasidagi "10 qaltis savol" loyihasining galdagi mehmoni professionalmusiqiy bilimga ega xonanda UMIDAXON... 1 — “Umr o`tar”, “Yulduzimsan”, “Sendadur ko`nglim” va “Yo`limdan qoch”, “Serial”, “Safsata”...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1