AsosiySport

Yunon-rum. O`zbekiston terma jamoasi Rossiyadagi turnirdan 2 ta medal bilan qaytdi

'Yunon-rum. O`zbekiston terma jamoasi Rossiyadagi turnirdan 2 ta medal bilan qaytdi'ning rasmi

11-12 fevral kunlari Rossiyaning Podolsk shahrida yunon-rum kurashi bo`yicha Evropa chempioni V. Ivlev sovrini uchun IX Xalqaro turnir bo`lib o`tdi, deya xabar bermoqda O`zbekiston MOQ matbuot xizmati.

Unda asosan Rossiya, Qozog`iston, Belarus hamda o`zbekistonlik polvonlar g`oliblik uchun kurash olib borishdi. Mazkur musobaqada O`zbekiston terma jamoasi sakkiz nafar kurashchi bilan ishtirok etdi.

Jumladan 59 kg vazn toifasida Feruz Tuxtaev, 66 kg vaznda Danila Morozov va Nurbek O`ktamov, 80 kg vazn toifasida Jonibek Otabekov, 85 kg vaznli sportchilar bahsida Rustam Sultonov, 98 kg vazn toifasida Jahongir Turdiev va Ikrom Ibragimov, shuningdek o`ta og`ir, ya`ni 130 kg vazn toifasida Abbos Ibragimovlar yurtimiz sharafini himoya qilishdi.

Musobaqada Feruz To`xtaev barcha raqiblarini mag`lub etib, yakunda oltin medal sohibiga aylandi va shohsupaning eng yuqori qismidan joy oldi. Jonibek Otabekov esa kumush medaliga sazovor bo`ldi. Bundan avvalroq ushbu polvonimiz Vengriya poytaxti Budapesht shahrida tashkil etilgan jahon chempionatida bronza medalini qo`lga kiritgandi. Ana shu tariqa O`zbekiston terma jamoasi Rossiyadagi turnirni bitta oltin va bitta kumush medali bilan yakunladi.

Endi erkin va yunon-rum kurashchilarimiz Turkiyaga yo`l olishadi va mavsumning navbatdagi xalqaro musobaqasida ishtirok etishadi. Istambulda tashkil etiladigan turnir 3-5 mart kunlari yunon-rum kurashi vakillari ishtirokida bo`lib o`tsa, 10-12 mart kunlari erkin kurashchilarimiz gilamga chiqishadi.

Boshqa yangiliklar