O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonga binoan “O`zbeknavo” estrada birlashmasi va “O`zbekraqs” milliy raqs birlashmasi negizida Madaniyat vazirligi huzurida “O`zbekkonsert” davlat muassasasi tashkil etildi.
Ushbu muassasa o`zida 2,5 ming ijodiy jamoa va ijrochilarni birlashtiradi hamda musiqa, xoreografiya va estrada san`atini rivojlantirish bo`yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish samaradorligini kuchaytirish, O`zbekiston xalqining ma`naviyati, yorqin va o`ziga xos madaniyatini yorituvchi yuksak badiiy va sifatli asarlar yaratishga har tomonlama ko`maklashish imkonini beradi.
Farmonga binoan “O`zbekkonsert” davlat muassasasi faoliyatini moliyalashtirish, madaniyat muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shu jumladan, ularni jihozlash va ta`mirlash, madaniyat va san`at arboblarining xalqaro festivallar va konkurslarda ishtirok etishini ta`minlash, Madaniyat vazirligi muassasalari kadrlari malakasini oshirish va moddiy rag`batlantirish uchun byudjetdan tashqari Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasini tuzish nazarda tutilgan.