So`nggi uch yilda qariyb 3 mingga yaqin avtobus va 12 ming umumiy engil avtomobil xarid qilindi va yo`nalishlarga chiqarildi. Bu haqda O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bo`lim boshlig`i Galina MAGAY O`zA muxbiriga quyidagilarni so`zlab berdi.
Rejaga ko`ra, kelgusi besh yilda 300 dan ortiq yo`lovchi yo`nalishi ochiladi, ularning 240 tasi shahar atrofida va shaharlararo qatnaydigan yo`nalishlardir. 2021 yil oxirida avtobusda yo`lovchi tashish yo`nalishlari soni 11,8 foizga ortib, 2 ming yo`nalishni tashkil etishi ko`zda tutilgan. Ularning 1600 tasi shahar atrofiga xizmat qiladigan va shaharlararo qatnaydigan marshrutlardir.
2017-2021 yillarda lizing kompaniyalari orqali imtiyozli bank kreditlari asosida 8,6 mingta yo`lovchi transporti, jumladan, 5,7 mingta umumiy foydalaniladigan yangi mikroavtobus xarid qilinadi.
Avtobus parklarini modernizasiya qilish va yangilash loyihalarini moliyalashtirishga oid mablag`lardan oqilona foydalanish maqsadida 2017-2020 yillarda “O`zavtosanoat-lizing” mas`uliyati cheklangan jamiyatining boshlang`ich kapitalini oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek istiqbolda 37 yangi avtostansiya barpo etish va 37 mavjud avtostansiyani rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.