Afsonaviy Braziliya futbolchisi Pele (to`liq ismi-sharifi Edson Arantis du Nasimentu)ning o`g`li Edson Sholbi Nasimentu 13 yillik qamoq jazosini o`tash uchun polisiyaga keldi, deb xabar berdi “Ria.ru” nashri.
2014 yilda Braziliya sudi Pelening o`g`lini giyohvandlik moddasi sotishda ayblab 33 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan edi. Ammo uning arizasi appelasiya sudida ko`rilayotgani bois ozodlikda edi. Payshanba kuni sud so`nggi qarorga kelib, unga 12 yilu 10 oy ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi. 46 yoshli Edino juma kuni kechqurun Santos shahridagi polisiya uchastkasiga o`zi keldi. U mazkur aybni tan olmadi va hech qachon giyohvandlik savdosi bilan shug`ullanmaganligini ma`lum qildi. Edino 1990 yillarda otasi dunyoga mashhur qilgan “Santos” klubida futbolchi bo`lgan.