Osiyo Chempionlar Ligasi–2017 musobaqasi “A” guruhi 2-turidan o`rin olgan “Lokomotiv” – “Al-Ahli” (2:0) uchrashuvidan keyin “temiryo`lchilar” bosh murabbiyi Andrey Miklyaev o`yin haqida o`z fikralrini bildirib o`tdi. U bilan birga uchrashuvdagi birinchi gol muallifi Samalat Quttiboev ham matbuot anjumanida qatnashdi.
“O`yin natijasidan mamnunmiz. Endi Oliy Liga yangi mavsumiga bemalol tayyorlansak bo`ladi. Maydonda harakat qilgan barcha futbochilarga tashakkur aytmoqchiman. Biz bir jamoa bo`lib o`ynadik va yaxshi natijaga erishdik. Gol o`tkazmay g`alaba qozonganimizga qaramay, himoyamizda muammolar bo`ldi. Ammo yigitlar ularni o`z vaqtida bartaraf qildi.
Krizo asta-seking jismoniy holatini yaxshilamoqda. U yosh va etarlicha o`yin amaliyotiga ega bo`ladi. Agar ikki hujumchi taktikasi bilan o`ynasak, u albatta asosiy tarkibda o`ynaydi. Zaxira haqida gapiradigan bo`lsam, yana Ikrom Aliboevni yodga olishga to`g`ri kelmoqda. U tezkor futbolchi va uning yo`qligi bilinib turadi. Murod Bobojonov va Diyor Turopov ham jarohatda. Shu sababli asosiy tarkib bilan ba`zida muammolar yuzaga keladi”, – dedi Miklyaev.
“Lokomotiv” bugun g`alaba qozonganidan va bunga o`z hissamni qo`shganimdan xursandman. Keyingi o`yinlarda ham optimal tarkibda mana shunday o`ynashda harakat qilamiz. Gol urganim men uchun oddiy holatdek kechli, hech qanday o`ta ehtiroslarga berilmadim”, – dedi Quttiboev.






