Osiyo Chempionlar Ligasi–2017 “S” guruhi 2-turidan o`rin olgan “Bunyodkor” – “Al-Ayn” (2:3) uchrashuvidan keyin o`tkazilgan matbuot anjumanida dastlab amirliklar bosh murabbiyi Zoran Mamich va o`yinning eng yaxshi futbolchisi Umar Abdulrahmon bo`lib o`tgan bellashuv borasida o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi.
“Avvalo jamoamni g`alaba bilan tabriklayman. Bugungi kun biz uchun bo`ldi, chunki biz 3 ochkoga ega bo`ldik. Ammo himoyada muammolar bor ekanini ta`kidlab o`tishim kerak. Birinchi goldan keyin biroz g`alati o`yin namoyish eta boshladik. Bunday holatlar takrorlanmasligi kerak, dey o`ylayman. Ammo futbolda har xil vaziyatlar bo`ladi. “Zob Ahan”ga qarshi o`yinda ko`ngildagiek o`ynay olmaganimiz uchun o`z uyimizda ochko yo`qotgandik. Yana bir bor aytaman bugun bizga omad kulib boqdi va buning evaziga “Bunyodkor”ni mag`lub etdik”, – dedi Zoran Mamich.
Uchrashuvda dubl qayd etib eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Umar Abdulrahmon ham o`z firklarini bildirib o`tdi.
“Bugungi o`yinda g`alaba qozonganimizdan xursandman. Murabbiy aytib o`tganidek himoyada xatolarga yo`l qo`ydik. Keyingi uchrashuvlarda bu kamchiliklarga bartaraf etishga harakat qilamiz”, – dedi Umar Abdulrahmon.






