Prezident Shavkat Mirziyoev shu yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida mamlakatimiz iqtisodiyotining barqarorligini ta`minlash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar qatorida 2017-2019 yillarda o`rmon fondi erlari va fermer xo`jaliklarida dorivor o`simliklar plantasiyalarini tashkil etish loyihasi bilan ham tanishdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Loyihaga ko`ra mamlakatimizning 23 tumanida 50 gektardan ziyod maydonda za`faron plantasiyalarini tashkil etish, uning xomashyosidan farmasevtika sanoatida foydalanish, mahsulotni eksportga yo`naltirish rejalashtirilgan.
Gulsafsardoshlar oilasiga mansub za`faron shamoldan pana, janub tomonga biroz qiya bo`lgan, quruq tuproqlarda o`sadi. Uni ekish muddati o`simlik tinim davriga o`tgan vaqtda, ya`ni iyul-avgust oylariga to`g`ri keladi. Za`faron tuganak piyozlari 10 santimetr uzoqlikda, 15 santimetr chuqurlikda, 60 santimetr kenglikda ekiladi.
Za`farondan olinadigan dorivor xomashyo – qizil rangli gul ustunchasi oktyabr-noyabr oylarida teriladi va za`faron tayyorlash punktlariga yuboriladi. Bir gektar plantasiyadan o`rtacha 4 kilogramm, ikkinchi yili 7-8, keyingi yillarda 15-16 kilogramm dorivor hosil olinadi. Jahon bozorida 1 kilogramm xomashyoning narxi 400 dollardan 1000 dollargacha baholanadi.
Bugungi kunda za`faron Eron, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Avstraliya kabi o`n beshdan ortiq mamlakatda etishtiriladi.
Mamlakatimizda ushbu o`simlikni ko`paytirish va plantasiyalarini tashkil etish bo`yicha ilmiy tadqiqotlar O`zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika bog`i olimlari tomonidan olib borildi. Tadqiqotlar ko`rsatishicha, za`faron yurtimiz tuproq-iqlim sharoitiga to`liq mos bo`lib, uni Farg`ona vodiysi, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlarining tog` va tog`oldi hududlarida, bog` va tokzorlar qator oralarida, o`rmon hududlarida etishtirish imkoniyati mavjud.
Xalq tabobatida za`faron o`nlab xastaliklarni davolashda ishlatilgan. Abu Ali ibn Sino za`faron ichish rangni chiroyli, ko`zni ravshan, yurakni quvvatli, nafas a`zolarini sog`lom qilishini yozib qoldirgan.
Hozirgi kunda ushbu o`simlik tibbiyot va oziq-ovqat sanoatida keng ishlatiladi. Uning tarkibida 50 foizdan ortiq bo`yoq beruvchi krosin, 2,7 foiz yog`, 0,32 foiz efir moyi, V, V2 vitaminlari, azotli moddalar, qand, kaliy va kalsiy birikmalari mavjud bo`lib, ko`plab kasalliklarni davolashda qo`llaniladi. O`simlik o`ziga xos xushbo`y hidi, yorqin rang va ta`m berishi bois turli taomlarga qo`shiladi. Undan qandolat mahsulotlari, kremlar, muzqaymoq tayyorlashda ham foydalaniladi. Za`faron qo`shilgan oziq-ovqat mahsulotlari bir necha kungacha sifatini yo`qotmaydi.
Joriy yildan boshlab Qashqadaryo viloyatining Yakkabog` va Kitob tumanlarida 4 gektardan, Shahrisabz tumanida 3 gektar maydonda za`faron plantasiyalarini barpo etish mo`ljallanmoqda. Ushbu o`simlikni ko`paytirish mamlakatimizda dorivor o`simliklar xomashyosini mahalliy sharoitda etishtirish, farmasevtika sanoati ehtiyojini ta`minlash va oziq-ovqat ziravori sifatida eksport qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Loyiha taqdimotida o`simlikning shifobaxsh xususiyatlari, O`zbekistonda za`faron plantasiyalarini tashkil etish bo`yicha iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda tanlangan tumanlar, o`simlik etishtirish agrotexnologiyasi to`g`risida ma`lumot berildi.
Prezidentimiz za`faron plantasiyalarini tashkil etish mahalliy farmasevtika sanoati uchun xomashyo manbaini yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Za`faron etishtirish uchun mutaxassislar tayyorlash, buning uchun alohida kollejni tanlash va yoshlarni o`qitish, Toshkent davlat agrar universitetida mutaxassislar tayyorlash lozimligini ta`kidladi.
Za`faron o`simligini etishtirish, kelajakda uni ko`paytirish bo`yicha markaz tashkil etish maqsadga muvofiq ekanligi qayd etildi. Bu markazda dorivor va oziq-ovqat o`simliklari turlarini tanlash, ilmiy-tadqiqotlarni yo`lga qo`yish, yosh kadrlarni sohaga yo`naltirish, pirovardida chet el ilg`or texnologiyalarini o`rganish va eksportni tashkil etish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbarining bu tashabbusi olimlarni yanada rag`batlantirdi. Ilmiy tadqiqotlarimiz doirasida iqlim sharoitimizga mos shifobaxsh va oziq-ovqat tarmog`ida ishlatiladigan sano o`ti, dorivor valeriana, bo`yoqdor ro`yan, dorivor lavanda, tukli erva, dorivor rozmarin va ikki bo`lakli ginkgo kabi o`simliklar aniqlandi. Kelajakda import o`rnini bosuvchi, eksportbop bu turlarni ham mamlakatimizda ko`paytirish, dastlabki plantasiyalarni tashkil etish bo`yicha takliflar berildi. Mazkur loyihaning ishga tushishi za`faron va boshqa dorivor o`simliklarning eng yaxshi namunalarini tanlab olib, ularni ko`paytirish, yaxlit soha sifatida ixtisoslashtirish, farmasevtika, parfyumeriya va oziq-ovqat sanoatini mahalliy xomashyo bilan ta`minlashda muhim omil bo`lib xizmat qiladi.