Suriyada sakkiz nafar jangari amnistiya farmoni tufayli ozod etildi, deb xabar berdi “Ntv.ru” nashri.
Mazkur amnistiya Alepponing sharqiy kvartalida yashagan, hozirda hukumat qo`shinlari safiga kirgan jangarilarga nisbatan qo`llandi.
Suriya maxsus xizmati bergan ma`lumotga ko`ra, bu jangarilar oilasini ochlikdan saqlab qolish uchun “Jabhat an-Nusra” ekstremistik guruhiga a`zo bo`lishgan.
Ulardan biri bo`lgan Yusef Budakka bo`lib o`tgan voqealarni shunday izohladi: “Jangarilar safimizga qo`shilmasang, o`ldiramiz, deb qo`rqitishdi. Ular meni ming bir qiynoqqa solib, yuzimni tilib tashlashdi. Ikki akam bor, ular Suriya armiyasida xizmat qilishadi. Agar jangarilarning aytganini qilmaganimda, ular meni o`ldirishardi. Suriya prezidentining amnistiya farmoni e`lon qilinganini akam qo`ng`iroq qilib aytdi. U meni kelishilgan joyda kutishini, agar o`z xohishim bilan kelsam, menga nisbatan amnistiya qo`llanishini, hech nima bo`lmasligini tushuntirdi”. Ozod bo`lgan jangarilar o`z oilalari bag`riga qaytdi. Suriyada jangarilar o`z xohishlari bilan qurolni topshirsa, jiddiy jinoyatlarga qo`l urmasa, amnistiya huquqidan foydalanishlari mumkin.