AsosiySport

Odil Ahmedov: Eron va Janubiy Koreyaga qarshi o`yinlar biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega

'Odil Ahmedov: Eron va Janubiy Koreyaga qarshi o`yinlar biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega 'ning rasmi

O`zbekiston milliy terma jamoasi JCh–2018 turniriga saralash bosqichi ikkinchi davrasini 23 mart kuni Suriyaga qarshi o`yin bilan boshlaydi. 5 kundan keyin, ya`ni, 28 mart kuni terma jamoa Toshkentda Qatar bilan kuch sinashadi.

Mazkur bellashuvlar oldidan O`zbekiston milliy terma jamoasi sardori, Xitoyning “Shanxay SIPG” klubi yarim himoyachisi Odil Ahmedov FIFA rasmiy saytiga eksklyuziv intervyu berdi.

“Rossiyada bo`lib o`tadigan JCh–2018 turniriga yo`l olishimiz mumkin. Jahon chempionatiga yo`l olish uchun bor kuchimizni ishga solamiz. Saralash bosqichining birinchi davrasida barcha raqiblar bilan o`ynadik, ikkinchi davrada esa o`yinimizni kuchaytirib, g`alabalarga erishishga harakat qilamiz”, – dedi 29 yoshli futbolchi.

Besh yil davomida Rossiya chempionatida to`p surgan Odil Ahmedov JCh–2018 turniriga yo`llanma olish orqadi Rossiyaga qaytishni juda istayotganini aytdi.

“JCh–2018 turniriga yo`l olib, Rossiyaga qaytishni juda istardim. Ammo bu safar mamlakat termasi bilan borishni xohlar edim. Bu shunchaki ajoyib bo`lardi”, – deya o`z fikrini bildirdi O`zbekiston terma jamoasi sardori.

Odil Ahmedov terma jamoaning bo`lajak raqiblari haqida o`z fikrini bildirar ekak, Eron hamda Janubiy Koreya terma jamoalari Osiyoda eng kuchlilar qatorida ekanini ta`kidladi.

“Eron va Janubiy Koreya Osiyoning eng kuchli terma jamoalaridan sanaladi. Saralash bosqichining birinchi davrasida ularni mag`lubiyatga uchratish imkoniyati bor edi, ammo buning uddasidan chiqa olmadik. Bu safar ishonch bilan o`ynaymiz va g`alaba qozonish uchun kurashamiz. Eron va Janubiy Koreya bilan o`yinlar biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo`ladi. Ularni mag`lub eta olsak, Rossiyaga yo`l olish imkoniyati oshadi”, – deydi Ahmedov.

2011–2014 yillarda Maxachqal`aning “Anji” klubi sharafini himoya qilgan Odil Ahmedov Braziliya futboli afsonasi Roberto Karlos hamda Kamerun futboli namoyandasi Samuel Eto’O bilan birga to`p surishga muyassar bo`lgan. O`zbekiston terma jamoasi sardori ulardan ilhom olib, yanada professional hamda maydonda va uning tashqarisida o`ziga nisbatan qattiqqul bo`lishni o`rganganini ma`lum qildi.

“Anji”dagi faoliyait davomida Roberto Karlos va Samuel Eto’O bilan birga to`p surdim. Ular ajoyib futbolchilar. Ulardan ilhom olib, yanada professional bo`lishni, maydonda va uning tashqarisida o`zimga nisbatan qattiqqul bo`lishni o`rgandim. Rossiya chempionatidagi faoliyatim mobaynida katta tajriba to`pladim. U erda top-futbolchilar bo`lgani uchun raqobat ham kuchli edi. O`z mahoratimni oshirishdan tashqari, ruham kuchli futbolchiga aylandim”, – dedi Odil Ahmedov.

Ma`lumot uchun, O`zbekiston terma jamoasi JCh–2018 saralash bosqichi “A” guruhi 5-turidan keyin 9 ochko bilan uchinchi o`rinda bormoqda. Eron 11 ochko bilan birinchi, Janubiy Koreya 10 ochko bilan ikkinchi pog`onani egallagan. Guruhda 4–6 o`rinlarni mos ravishda Suriya (5 ochko), Qatar (4 ochko) va Xitoy (1 ochko) terma jamoalari egallab turibdi.

Boshqa yangiliklar