O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 30 mart kuni videoselektor majlis bo`lib o`tdi. Unda ko`p qavatli uy-joylarni ta`mirlash, kommunal, sog`liqni saqlash sohalari, ichki ishlar tizimidagi mavjud muammolarni bartaraf etish masalalari ko`rib chiqildi.
Ko`p qavatli uy-joylarni vaqtida va sifatli ta`mirlash, hududlarni obodonlashtirish, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini muvofiqlashtirish va yanada takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Hududlar rahbarlarining bu boradagi mas`uliyati va javobgarligini oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi, deb yozadi O`zA.
Majlisda ko`p qavatli uylarda yashaydigan aholiga zarur sharoitlar yaratish, kommunikasiya tizimlarini ta`mirlash, hududlarni obodonlashtirish bo`yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Joriy yilning 9 fevral kuni profilaktika inspektorlari faoliyatini takomillashtirish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish va inspektorlarni xizmat uylari, avtomobillar bilan ta`minlash bo`yicha berilgan topshiriqlar ijrosi ham ko`rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev raisligida 5 yanvar va 7 fevral kunlari o`tgan yig`ilishlarda sog`liqni saqlash tizimidagi muammolarni bartaraf etish, sohani yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilingan edi.
O`tgan vaqt mobaynida bu borada tegishli farmon va qarorlar qabul qilinib, ijrosiga kirishildi. Majlisda qishloq vrachlik punktlarini optimallashtirish, shoshilinch tez tibbiy yordam xizmatini yaxshilash, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko`rsatish, poliklinikalar ish vaqtini uzaytirish bo`yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev mazkur sohalardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, istiqbolda amalga oshiriladigan vazifalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli ko`rsatmalar berdi.